“Manchester Siti” bosh murabbiyi Pep Gvardiola 29-yanvar, payshanba kuni kechqurun Barselonada bo‘lib o‘tgan Falastinni qo‘llab-quvvatlashga bag‘ishlangan xayriya konsertida G‘azodagi falastinlik bolalarni himoya qilib chiqdi. Bu haqda The Telegraph nashri xabar berdi. Tadbir Barselonadagi “Palau Sant Jordi” sport arenasida, murabbiy tug‘ilib o‘sgan shaharda o‘tkazilgan “Act X Palestine” xayriya konserti doirasida tashkil etildi.
Futboldan tashqari falastinliklarni qo‘llab-quvvatlashi bilan ham tanilgan kataloniyalik mutaxassis sahnaga falastin ro‘moli kufiyani yelkasiga tashlagan holda chiqdi. U nutqini “xayrli kech” so‘zi bilan boshlab, “Assalomu alaykum” deb davom ettirdi.
“Oxirgi ikki yil davomida ijtimoiy tarmoqlar va televizorda vayronalar orasida turib, ‘Onam qayerda?’ deb yordam so‘rab o‘zini videoga olayotgan bolani ko‘rganimda, doim bir xil fikr keladi. U hanuzgacha onasining qayerda ekanini bilmaydi. Men har doim o‘ylayman: ular hozir nimani his qilayotgan bo‘lishi mumkin? Menimcha, biz falastinlik bolalarni yolg‘iz qoldirdik, tashlab qo‘ydik.
Kuchlilar — qo‘rqoq, chunki ular begunoh odamlarni boshqa begunoh odamlarga qarshi o‘ldirish uchun yuboradi… O‘zlari esa sovuqda issiq uyda, issiqda esa konditsioner ostida yashab, begunoh odamlarni urushga yubormoqda”, deydi Pep Gvardiola.
Ma’lumot uchun, Pep Gvardiola “Manchester Siti”ni 2016-yildan beri boshqarib kelmoqda. Uning boshqaruvida klub 2017-yildan 2024-yilga qadar 6 marta APL g‘olibligi, Chempionlar Ligasi, UEFA Superkubogi hamda Klublar o‘rtasidagi Jahon chempionati kabi musobaqalarda zafar quchgan.








