Rossiya Federatsiyasi poytaxtida fuqaro muhofazasi sohasida faoliyat yurituvchi ilmiy markaz rahbari Nikolay Posoxov va institut direktorining o‘rinbosari Igor Sosunovlar qo‘lga olindi. Bu haqda huquq-tartibot organlariga tayanib “RBK” nashri xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, amaldorlar yirik miqdorda pora olishda gumonlanmoqda. Tergov hujjatlariga ko‘ra, ularga Rossiya Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bo‘yicha ayblov e’lon qilingan bo‘lib, bu 15 yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosini nazarda tutadi. Prokurorlar Posoxovni uy qamog‘iga olish, Sosunovni esa hibsga olish ehtiyot chorasini qo‘llash bo‘yicha sudga murojaat qilgan.
Qayd etilishicha, ular faoliyat yuritgan institut fuqaro muhofazasi, favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish, shuningdek, aholining radiatsion, kimyoviy va biologik himoyasi bo‘yicha ilmiy ishlanmalar bilan shug‘ullanadi. Mazkur tashkilot 2015-yili “Kub-M” nomli mobil bunker ustida izlanishlarni boshlagan. U yadroviy, kimyoviy, biologik va konvensional qurollar zarbasidan himoyalanish uchun mo‘ljallangandi.
Posoxov so‘nggi intervyularining birida “Kub-M” loyihasi doirasidagi ilk namuna 2017-yildayoq tayyor bo‘lganini, biroq huquqiy masalalar sabab seriyali ishlab chiqarish 2024-yilgacha cho‘zilib ketganini aytgandi. Bunkerlar Nijniy Novgorod viloyatidagi Dzerjinsk shahrida tayyorlangan.
2025-yil oxirida e’lon qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, bunday bunkerlarning har biri uchun 30 million rubl (taxminan 330-350 ming AQSH dollari) to‘langan. Asosiy buyurtmachilar esa favqulodda vaziyatlarda ishchilar xavfsizligini ta’minlash majburiyatini olgan tijorat tashkilotlari bo‘lgan.








