Daryo

Terens Krouford — yilning eng yaxshi bokschisi

AQSHning Nyu York shahrida The Ring nashrining yil ning eng yaxshilarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda yil raundi, yil sensatsiyasi, yil nokauti va boshqa mukofotlar ham topshirildi.

3 daqiqa o‘qish3 229 ko‘rishlar0 izoh0

AQSHning Nyu York shahrida The Ring nashrining ikkinchi yillik taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Marosimni afsonaviy ring-anonser Maykl Baffer olib bordi. Marosimda 2025-yil boks mavsumidagi eng yaxshi yutuqlar e’tirof etildi.

Beshta vazn toifasida jahon chempioni (uch vazn toifasida mutlaq chempion) Terens Krouford 2025-yil yakunlariga ko‘ra, The Ring jurnali tomonidan yil jangchisi deb e’tirof etildi. To‘rt oy avval Saul Alvaresni mag‘lub etgan 38 yoshli amerikalik bokschi shu g‘alaba bilan faoliyatidagi eng yuqori marraga erishganini va boshqa isbotlash kerak bo‘lmaganini ta’kidlagan edi. Krouford faoliyati davomida 42 g‘alaba (31 nokaut) qo‘lga kiritgan bo‘lib, turli vazn toifalarida jahon chempioni bo‘lgan. U yil bokschisi sovrini uchun Dmitriy Bivol, Naoya Inoue, Jessi Rodriges va Fabio Uordlini ortda qoldirdi.

Shuningdek, bir qator mukofotlar ham o‘z egalariga topshirildi.

Yil raundi sifatida yaponiyalik jangchilar Seiya Tutsumi va Daygo Higa o‘rtasidagi eng yengil vazn toifasidagi WBA chempionlik kamari uchun o‘tkazilgan bahsning 9-raundi e’tirof etildi. Ushbu raundda ikkala bokschi ham bir marta nokdaun holatiga tushdi. Yakunda bellashuv durang bilan yakunlandi. Ikki bokschi o‘rtasida 2020-yilda o‘tkazilgan chempionlik jangi ham durang natija bilan yakunlangan edi.

Yil sensatsiyasi deb meksikalik Armando Resendizning Kaleb Plant ustidan qozongan g‘alabasi tan olindi. 2025-yil 31-may kuni super o‘rta vazn toifasida Resendiz 12-raundlik jangda ochkolar hisobiga ko‘ra Plantni mag‘lub etib, vaqtinchalik WBA chempionlik kamarini qo‘lga kiritdi. Jang davomida u jami 186 ta zarba berdi.

Yilning eng umidli bokschisi sovrini Emiliano Vargasga topshirildi. U 2025-yilda 4 ta jangni g‘alaba bilan yakunlab, rekordini 16–0 ko‘rinishiga keltirdi. Vargas yengil vazn toifasida mag‘lubiyatsiz qolmoqda, u sobiq chempion Fernando Vargasning o‘g‘li bo‘lib, kelajakda yulduz bo‘lish salohiyati bilan tanilgan.

“Hayot davomida qo‘shgan hissasi uchun” mukofoti afsonaviy jurnalist Larri Merchantga berildi. U boks sharhlovchisi va tahlilchi sifatida 1938-yildan beri sportni yoritib kelmoqda. 94 yoshli Merchant marosimda qatnasha olmadi, biroq videomurojaat yo‘lladi. Mukofotni uning nomidan super og‘ir vazn toifasining sobiq mutlaq jahon chempioni Lennoks Lyuis qabul qilib oldi.

2025-yilning eng yaxshi murabbiyi deb Shingo Inoue topildi. Yaponiyalik mutaxassis ikki vazn toifasida mutlaq jahon chempioni Naoya Inoue va eng yengil vazn toifasida WBC chempionlik kamari sohibi Takuma Inouening ota va murabbiyi hisoblanadi. U ham marosimda bo‘lmadi va videomurojaat bilan chiqdi. Naoya Inoue 2025-yilda o‘zbekistonlik Murodjon Ahmadaliyevni ham mag‘lub etgan.

Yil jangi mukofoti britaniyalik bokschilar Kris Yubenk va Konor Benn o‘rtasidagi 2025-yil aprel oyida o‘tkazilgan birinchi bellashuvga topshirildi. Ushbu bahsda Yubenk hakamlar qaroriga ko‘ra g‘alaba qozongan edi. 2025-yil noyabr oyida bo‘lib o‘tgan ikkinchi bahsda esa Kris Benn ochkolar hisobiga ko‘ra g‘alabaga erishdi.

Yil nokauti — Brian Norman 2025-yil 19-iyun kuni Tokioda (Yaponiya) Jin Sasakini 5-raundda nokautga uchratib, WBO yarim o‘rta vazn chempionlik kamarini saqlab qoldi. Jang boshidan Norman ustunlikka erishdi, birinchi raundda Sasakini ikki marta nokdaun holatiga tushirdi. Beshinchi raundning 46-soniyasida esa kuchli “hook” zarbasi bilan Sasakini nokautga uchratdi va jangni yakunladi. Ushbu nokaut The Ring jurnali tomonidan yilning eng yaxshisi sifatida e’tirof etildi.

Farg‘ona viloyati Bog‘dod tumanida tug‘ilganman. Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti Sport jurnalistikasi fakultetini tamomlaganman. “Daryo”da 2025-yil dekabr oyidan beri sport muxbiri lavozimida ishlayman va maxsus videomateriallar, tarjima maqolalar hamda xabarlar tayyorlayman. Sevimli filmim “Forrest Gamp”. “Shamol ortidan yugurib” (Xolid Husayniy) romanini yaxshi koʻraman.

Telegram kanal@Daryo_Sport24Obuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar