Saudiya Arabistonining “Al-Ittihod” klubida to‘p surayotgan fransiyalik hujumchi Karim Benzema klub taklif qilgan yangi shartnoma shartlari sabab jamoa safida o‘ynashdan bosh tortmoqda. Bu haqda L’Equipe nashri xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, Benzema va Saudiya klubi rahbariyati o‘rtasidagi munosabatlar kutilmaganda keskinlashgan. Jiddaliklar 38 yoshli futbolchiga amaldagi maoshidan ancha past bo‘lgan shartnoma taklif qilgan. Bundan norozi bo‘lgan hujumchi klubning navbatdagi o‘yinlariga boykot e’lon qilmoqchi.
Karimning “Al-Ittihod” bilan shartnomasi joriy yilning iyun oyida yakuniga yetadi. Qishki transfer oynasi yopilishiga besh kun qolganida klub hujumchiga yangi shartnoma taklif qildi. Manbaga ko‘ra, ushbu taklif Benzema atrofidagilar tomonidan “haqoratli” deya baholangan. Ta’kidlanishicha, shartnoma shartlari futbolchini deyarli “bepul o‘ynashga” majbur qilardi, bunda uning imij huquqlari hisobga olinmagan. Foot Mercato nashrining yozishicha, shundan so‘ng Benzema “Al-Ittihod” mashg‘ulotlariga bormagan.
Karim Benzema 2023-yildan buyon “Al-Ittihod” sharafini himoya qilib kelmoqda. U jamoa bilan 2025-yilda Saudiya Arabistoni chempionligini qo‘lga kiritgan.
Ma’lumot uchun, Benzema faoliyatining dastlabki yillarida Fransiyaning “Lion” klubida o‘ynagan va jamoa bilan to‘rt bor mamlakat chempioniga aylangan. Keyinchalik “Real”ga ko‘chib o‘tib, 2009–2023-yillar oralig‘ida “qirollik klubi” safida 648 ta uchrashuvda maydonga tushib, 354 ta gol urgan. Benzema “Real” bilan birga besh marta Chempionlar Ligasi, to‘rt marta Ispaniya chempionati va uch marta Ispaniya Kubogini qo‘lga kiritgan.
Benzema Fransiya milliy jamoasi safida 2021-yilda Millatlar Ligasida g‘olib chiqdi, 2022-yilgi Jahon chempionatida esa kumush medalni qo‘lga kiritdi. Shuningdek, u 2022-yilda France Football talqiniga ko‘ra mavsumning eng yaxshi futbolchisiga beriladigan “Oltin to‘p” mukofotiga sazovor bo‘lgan.








