Londonning “Chelsi” klubi rahbariyati “Barselona” yarim himoyachisi Fermin Lopes bilan bog‘liq vaziyatdan norozi. Bu haqda The Touchline nashri xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, Lopes “Chelsi” tomonidan jamoa yarim himoyasini kuchaytirish uchun ideal nomzod sifatida ko‘rilgan. London klubi Fermin Lopesga “Barselona” taklif qilganidan ko‘ra yuqoriroq maosh hamda yetarli o‘yin amaliyotini va’da qilganiga qaramay, futbolchi faoliyatini Kataloniyada davom ettirishni ma’qul ko‘rdi.
Avvalroq “Barselona” Fermin Lopes bilan yangi mehnat shartnomasi bo‘yicha og‘zaki kelishuvga erishgani haqida xabarlar tarqalgan edi. Qayd etilishicha, yangi bitim 2031-yil yozigacha mo‘ljallangan. Shartnoma imzolangani haqida 28-yanvar kuni “Kopengagen”ga qarshi uchrashuvdan so‘ng rasman e’lon qilish rejalashtirilgan.
Ma’lumot uchun, Fermin Lopes “Barselona” tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. U 13 yoshida “Betis” akademiyasidan kataloniyaliklar safiga kelib qo‘shilgan. Futbolchining avvalgi shartnomasi 2029-yil yozigacha amal qilardi. Hozirda “Barselona” La Liga turnir jadvalida 52 ochko bilan peshqadamlik qilmoqda.








