Daryo

Oltinning bir unsiyasi ilk bor 5 ming dollardan oshdi

Trampning tahdidi, Grenlandiya masalasi, AQSH foiz stavkalari pasayishi ehtimoli va moliyaviy beqarorlik qimmatbaho metall narxiga ta’sir qilmoqda.

1 daqiqa o‘qish6 579 ko‘rishlar0 izoh1

Oltin narxi ilk bor bir unsiyasi uchun 5 ming dollardan oshdi. Qimmatbaho metall 2025-yilda 60 foizdan ko‘proqqa qimmatlashgandi va bu tarixiy o‘sish jarayoni davom etmoqda. Bu haqda BBC xabar berdi.

Bu holat AQSH va NATO o‘rtasida Grenlandiya masalasi bo‘yicha taranglik kuchaygani, shuningdek, moliyaviy va geosiyosiy beqarorlikka oid xavotirlar ortib borayotgani fonida yuz bermoqda. AQSH prezidenti Donald Trampning savdo siyosati ham bozorlarni tashvishga solmoqda. U 24-yanvar kuni Kanada Xitoy bilan savdo bitimi tuzsa, 100 foizlik boj joriy etish bilan tahdid qilgandi.

Oltin va boshqa qimmatbaho metallar odatda “xavfsiz aktivlar” sifatida qaraladi, ya’ni noaniqlik kuchaygan paytlarda investorlar aynan shunday aktivlarni sotib oladi. 23-yanvar kuni kumush narxi ham ilk bor bir unsiyasi uchun 100 dollardan oshgandi. Bu 2025-yili qariyb 150 foizga o‘sishidan keyingi navbatdagi sakrash bo‘ldi.

Qimmatbaho metallarga bo‘lgan talabning oshishiga yana bir qator omillar sabab bo‘lmoqda. Jumladan, inflyatsiyaning odatdagidan yuqori bo‘lishi, AQSH dollarining zaiflashuvi, markaziy banklar oltin xaridini koʻpaytirgani va AQSH Federal zaxira tizimi foiz stavkalarini pasaytirishi kutilayotgani bunga ta’sir qilmoqda.

Oltinning eng katta jozibador jihatlaridan biri uning nisbatan kamyobligidir. Jahon oltin kengashi savdo assotsiatsiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, hozirgacha faqat 216 265 tonna atrofida metall qazib olingan.

Bu miqdor uch-to‘rt dona olimpiya o‘lchamidagi suzish havzasini to‘ldirishga yetadi. Mazkur oltinning asosiy qismi 1950-yildan keyin, qazib olish texnologiyalari rivojlanib, yangi konlar topilgach olingan.

AQSH Geologiya xizmati hisob-kitoblariga ko‘ra, yer osti zaxiralaridan yana 64 ming tonna oltin qazib olish mumkin, ammo yaqin yillarda metall yetkazib berish to‘xtab qolishi taxmin qilinmoqda.

“Oltinga egalik qilganingizda, u obligatsiya yoki aksiyalar kabi boshqa birovning qarziga bog‘liq bo‘lmaydi. Aksiyalar kompaniya faoliyatiga bog‘liq bo‘lsa, oltin mustaqil aktiv hisoblanadi”, dedi ABC Refinery kompaniyasining institutsional bozorlar bo‘yicha global rahbari Nikolas Frappell.

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar