Daryo

Eron ilk bor namoyishlardagi qurbonlar sonini ochiqladi

Hukumat taqdim etgan va inson huquqlari tashkilotlari bergan ma’lumotlar orasida sezilarli farq bor.

2 daqiqa o‘qish11 825 ko‘rishlar0 izoh8

Eron hukumati 21-yanvar kuni mamlakat bo‘ylab bo‘lib o‘tgan ommaviy namoyishlarni bostirish chog‘ida halok bo‘lganlar soni bo‘yicha ilk rasmiy hisobotni taqdim etdi. Bu haqda Euronews xabar berdi.

Raqamlar o‘rtasidagi farq

Eron davlat telekanali mamlakat ichki ishlar vazirligi hamda urushda halok bo‘lganlarning oilalariga xizmat ko‘rsatuvchi rasmiy organ — Shahidlar va faxriylar ishlari jamg‘armasi bayonotlarini e’lon qildi. Unga ko‘ra, namoyishlar davomida jami 3 117 kishi halok bo‘lgan.

Hisobotda qayd etilishicha, qurbonlarning 2 427 nafari tinch aholi va xavfsizlik kuchlari vakillaridir. Biroq qolgan 690 nafar qurbonning kim ekani borasida batafsil ma’lumot berilmadi. Ta’kidlash joizki, Eron hukumati avval sodir bo‘lgan tartibsizliklarda ham qurbonlar sonini kamaytirib ko‘rsatishga yoki umuman e’lon qilmaslikka odatlangan.

AQSHda joylashgan Inson huquqlari faollari axborot agentligi (HRANA) 22-yanvar kuni tongida e’lon qilgan ma’lumotlarga ko‘ra, qurbonlar soni kamida 4 902 kishini tashkil etmoqda va bu raqam aslida yanada ko‘p bo‘lishi mumkin. Mazkur tashkilot mamlakat ichidagi faollar tarmog‘iga tayanib, ko‘p yillar davomida Erondagi tartibsizliklar haqida aniq ma’lumot berib kelmoqda.

Axborot cheklovi

Hukumat mamlakatda internetga kirishni cheklab, xalqaro qo‘ng‘iroqlarni bloklab qo‘ygani sababli tashqaridan turib qurbonlarning aniq sonini hisoblash qiyinlashmoqda. Shuningdek, mahalliy jurnalistlarning voqealar oqibatlarini yoritish imkoniyatlari ham cheklangan. Buning o‘rniga, davlat telekanali namoyishchilarni hech qanday dalillarsiz Amerika va Isroil tomonidan boshqarilayotgan “tartibsizlik keltirib chiqaruvchilar” deb atagan lavhalarni namoyish etishda davom etmoqda.

Mazkur namoyishlardagi o‘lim holatlari Eronda so‘nggi o‘n yilliklardagi har qanday tartibsizliklardan oshib ketdi va 1979-yilgi Islom inqilobi davridagi tartib-tartibsizliklarni yodga solmoqda. Garchi bir necha kundan beri ochiq namoyishlar kuzatilmayotgan bo‘lsa-da, qurbonlar soni sezilarli darajada ortishi xavfi bor.

HRANA ma’lumotlariga ko‘ra, qariyb 26 500 kishi hibsga olingan. Dunyoda qatl qilish ko‘rsatkichlari bo‘yicha yetakchi o‘rinlarda turuvchi Eronda rasmiylarning bayonotlari qo‘lga olinganlarning ba’zilari o‘lim jazosiga hukm qilinishi mumkinligi borasidagi xavotirlarni kuchaytirmoqda.

Mirzayeva Dilafroʻz Safar qizi. 1999-yilda Toshkent viloyatida tavallud topgan. Millati — oʻzbek. 2024-yilda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining Sinxron tarjima yoʻnalishi magistr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar