Eron oliy politsiya mulozimi 19-yanvar kuni mamlakatda davom etayotgan va hukumat tomonidan “tartibsizliklar” deb atalayotgan namoyishlar ishtirokchilariga ultimatum e’lon qildi. Bu haqda Le Monde xabar berdi.
Milliy politsiya rahbari Ahmad Rizo Radanning davlat telekanali orqali bildirishicha, namoyishlarda ishtirok etgan yoshlar uch kun ichida o‘z ixtiyori bilan taslim bo‘lishi shart. Aks holda, ularga nisbatan qonunning barcha qat’iy choralari ko‘riladi.
“Tartibsizliklarga bilmasdan aralashib qolganlar ‘aldangan shaxslar’ deb hisoblanadi, ular ‘dushman askarlari’ emas. Bunday shaxslar o‘z ixtiyori bilan kelsa, ularga nisbatan yengillik beriladi”, dedi Radan.
Namoyishlar avvaliga 2025-yil 28-dekabr kuni iqtisodiy qiyinchiliklar sabab boshlangan. Biroq keyinchalik vaziyat siyosiy tus olib, hukumatga qarshi noroziliklarga aylanib ketgan. O‘z navbatida, amaldagi hukumat bu voqealarda AQSH va Isroil kabi “ashaddiy dushmanlar” qo‘li borligini da’vo qilmoqda.
Eronning uchta oliy hokimiyat bo‘g‘ini rahbarlari — prezident Mas’ud Pezeshkiyon, parlament spikeri Muhammad Bag‘ir G‘alibof va sud hokimiyati rahbari G‘ulomhusayn Mohsiniy Ejey qo‘shma bayonot berib, aholining iqtisodiy muammolarini hal qilish uchun tun-u kun ishlashga va’da berdi. Shu bilan birga, ular “terrorchilik hodisalari” tashkilotchilari shafqatsizlarcha jazolanishini bildirdi.
Mamlakatda 11 kundan ortiq vaqtdan beri internet uzib qo‘yilgan. Shu sababli voqealar ko‘lamini aniqlash qiyin kechmoqda. Biroq Iran Human Rights (IHR) nodavlat tashkiloti xavfsizlik kuchlari tomonidan 3 428 nafar namoyishchi o‘ldirilganini tasdiqladi. Tashkilot asoschisi Mahmud Amiriy-Mog‘addam qurbonlar soni bundan bir necha mingga ko‘proq bo‘lishi mumkinligidan ogohlantirdi.
“Guvohlar va oilalardan olingan ma’lumotlar shuni ko‘rsatadiki, halok bo‘lganlar soni OAVdagi eng yuqori taxminlardan ham ko‘p bo‘lishi mumkin. Islom Respublikasi zamonamizdagi eng yirik ommaviy qirg‘inlardan birini amalga oshirdi”, deyiladi bayonotda.
BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Volker Tyurk Eronni qatl jazosidan “davlat qo‘rqitish vositasi” sifatida foydalanayotganlikda aybladi. Ma’lumotlarga ko‘ra, Eron 2025-yilda 1 500 kishini qatl qilgan. Namoyishlarda hibsga olinganlar soni bo‘yicha ham ma’lumotlar turlicha. Xususan:
- Tasnim agentligi 3 000 ga yaqin kishi;
- huquq himoyachilari 20 000 nafar odam hibsga olinganini ta’kidlamoqda.
Eron oliy rahnamosi Oyatulloh Ali Xomanaiy 17-yanvar kuni hukumat “fitnachilarning belini sindirishi” kerakligini ta’kidlagan edi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatning ikkinchi yirik shahri Mashhadda jamoat infratuzilmasiga yetkazilgan zarar 15 million dollardan oshgan.
Vitse-prezident Husayn Afshin 19-yanvar kuni internetga kirish shu hafta davomida asta-sekin tiklanishini aytdi. Prezident Pezeshkiyon esa cheklovlarni tanqid qilib, internetni boshqarishda “yaxshiroq usullar”dan foydalanishga chaqirdi.








