Yevropa Ittifoqi (YI) davlat va hukumat rahbarlari 22-yanvar kuni kechqurun Bryusselda Grenlandiya atrofidagi vaziyat bo‘yicha favqulodda sammitga yig‘iladi. Bu haqda Deutsche Welle xabar berdi.
Yevropa kengashi raisi Antoniu Koshtaning matbuot kotibi dushanba, 19-yanvar kuni ma’lum qilishicha, yig‘ilishda Yevropa yetakchilari AQSH prezidenti Donald Trampning Germaniya va boshqa yetti Yevropa davlatiga nisbatan solingan 10 foizlik bojlarga qarshi javob choralarini muhokama qiladi.
93 milliard yevrolik “savdo urushi” xavfi
YIning iqtisodiyot bo‘yicha komissari Valdis Dombrovskis Bryusselda ittifoq moliya vazirlari uchrashuvi oldidan bergan bayonotida, AQSHga nisbatan javob bojlarini joriy etish ehtimoli “istisno qilinmasligi”ni bildirdi.
Yevrokomissiya ma’lumotlariga ko‘ra, umumiy qiymati 93 milliard yevroga teng bo‘lgan Amerika tovarlariga nisbatan maxsus bojlar 2026-yilning 7-fevralidan kuchga kirishi mumkin. Ushbu boj 2025-yildagi savdo mojarosi doirasida tayyorlangan bo‘lib, agar 6-yanvar kuni kiritilgan moratoriy muddati uzaytirilmasa, avtomatik ravishda amal qila boshlaydi. Bunday holda Yevropaning cheklovlari AQSHdan keltiriladigan quyidagi mahsulotlarga zarba beradi:
- samolyot va avtomobillar;
- mol go‘shti;
- viski va sitrus mevalar.
Shuningdek, Yevroparlament Trampning tahdidlaridan so‘ng AQSH bilan transatlantik savdo bitimini ratifikatsiya qilishni to‘xtatdi. Der Spiegel va Reuters xabarlariga ko‘ra, YI hududida Amerika kompaniyalari faoliyatini cheklash imkoniyati ham ko‘rib chiqilmoqda.
Grenlandiya mojarosi
Ziddiyat Trampning Daniya qirolligi tarkibidagi avtonom hudud hisoblangan Grenlandiya ustidan AQSH nazoratini o‘rnatish istagidan boshlandi. Tramp orolni AQSH xavfsizligi uchun muhim deb hisoblaydi. Prezident hudud nazoratga olinmasa, Xitoy yoki Rossiya tomonidan bosib olinishini da’vo qilmoqda.
Yevropalik rasmiylar esa orol allaqachon NATOning jamoaviy mudofaasi bilan himoyalanganini va 1951-yildagi kelishuvga ko‘ra, AQSH u yerga qo‘shimcha qo‘shin yuborish imkoniga ega ekanini eslatmoqda.
Tramp 16-yanvar kuni agar Grenlandiya bo‘yicha AQSH talablari qo‘llab-quvvatlanmasa, quyidagi davlatlarga 10 foizlik boj joriy etish bilan tahdid qilgan: Buyuk Britaniya, Germaniya, Daniya, Niderlandiya, Norvegiya, Finlyandiya, Fransiya va Shvetsiya.
“Tinchlik haqida o'ylashga majbur emasman”
Tramp 19-yanvar kuni Norvegiya bosh vaziri Yonas Gar Styorega maktub yo‘llagani ma’lum bo‘ldi. Unda Tramp AQSH Grenlandiya ustidan “to‘liq va mutlaq nazorat” o‘rnatmaguncha dunyo xavfsiz bo‘lmasligini ta’kidlagan.
Shuningdek, Tramp Norvegiya hukumati unga “sakkiz yoki undan ko‘proq urushni tugatgani uchun” Nobel tinchlik mukofotini bermagani sababli, endi o‘zini “faqat tinchlik haqida o‘ylashga majbur deb hisoblamasligini” yozgan. Styore bunga javoban mukofot hukumat emas, mustaqil Nobel qo‘mitasi tomonidan berilishini eslatdi.
Ma’lumot o‘rnida, 2025-yilgi tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti Venesuela muxolifati yetakchisi Mariya Korina Machadoga berilgan bo‘lib, u mukofotni 15-yanvar kuni Oq uyda Trampga taqdim etgan edi.
Norvegiyadagi xavotirli vaziyat
AFP agentligi xabariga ko‘ra, minglab Norvegiya fuqarolari harbiylardan ogohlantirish maktublarini olgan. Unda urush bo‘lgan taqdirda ularning uylari, mashinalari, qayiqlari va boshqa jihozlari milliy mudofaa uchun musodara qilinishi mumkinligi aytilgan.
Norvegiya armiyasi logistika xizmati rahbari Anders Jernberg mamlakat “Ikkinchi jahon urushidan beri eng jiddiy xavfsizlik inqirozini” boshdan kechirayotganini bildirdi. Norvegiya NATO a’zosi bo‘lsa-da, YI tarkibiga kirmaydi va sharqda Rossiya bilan chegaradosh hisoblanadi.








