AQSH prezidenti Donald Tramp 17-yanvar kuni sakkizta davlatga 10 foizlik savdo boji soldi. U buni mamlakatlarning Grenlandiyani Qo‘shma Shtatlarga qo‘shib olishga qarshi chiqqani bilan izohladi. Bu haqda The Guardian xabar berdi.
Tramp boj haqida o‘zining Truth Social tarmog‘idagi sahifasida ma’lum qildi. Tarif siyosati qo‘llangan davlatlar quyidagilardir: Buyuk Britaniya, Finlyandiya, Daniya, Norvegiya, Shvetsiya, Niderlandiya, Fransiya va Germaniya. Uning aytishicha, bojlar fevral oyidan kuchga kiradi.
“Bojlar 1-fevral sanasidan boshlab amal qiladi. 1-iyundan boshlab esa tarif 25 foizga ko‘tariladi”, deb yozdi Tramp va bu mamlakatlar juda xavfli o‘yin o‘ynayotganini aytdi.
Tramp Xitoy va Rossiya “Grenlandiyani xohlaydi” degan fikrini yana bir bor takrorlab, bu borada “Daniya qila oladigan hech narsa yo‘q” ekanini ta’kidladi. Prezident oldinroq Daniya mudofaasini masxaralab, soha “ikkita it va chanadan iborat” degan edi.
“Ushbu tarif Grenlandiyani to‘liq sotib olish bo‘yicha kelishuvga erishilgunga qadar to‘lanadi”, deya qo‘shimcha qildi u.
Tramp postining oxirida AQSH bu hududni 150 yildan beri qo‘shib olishga harakat qilayotganini da’vo qildi. Uning aytishicha, Daniya bunga yo‘l bermay kelgan.
“Ammo endilikda ‘Oltin gumbaz’ sababli hudud biz uchun muhim”, deya o‘z postini yakunladi AQSH prezidenti.








