Italiyaning “Inter” klubi Madridning “Real” jamoasi hujumkor yarim himoyachisi Arda Gyulerga jiddiy qiziqish bildirmoqda. Bu haqda jurnalist Ekrem Konur X (sobiq Twitter) tarmog‘idagi sahifasi orqali xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, “Inter” yozgi transfer oynasi vaqtida 20 yoshli futbolchini sotib olish orqali jamoani kuchaytirishni maqsad qilgan. Ammo turkiyalik yarim himoyachi hozirda bor e’tiborini “qirollik klubi” safidagi o‘yinlariga qaratgan va asosiy tarkib uchun kurashni davom ettirmoqchi. Shu bois uning boshqa jamoaga o‘tish ehtimoli past baholanmoqda. Qayd etilishicha, qishki transfer oynasi vaqtida Londonning “Arsenal” klubi Gyuler bo‘yicha murojaat qilgan, biroq futbolchi “Real”da qolishni afzal ko‘rgan.
Avvalroq futbolchiga Angliya Premyer Ligasining “Liverpul” va “Manchester Yunayted” klublari qiziqish bildirgani haqida xabarlar tarqalgan edi. Ammo hozircha tomonlar o‘rtasida muzokara bo‘lib o‘tgani yo‘q.
Ma’lumot uchun, joriy mavsumda Arda Gyuler barcha musobaqalar doirasida 30 ta uchrashuvda maydonga tushib, o‘z hisobiga 3 ta gol va 10 ta golli uzatma yozidirb qo‘ygan. Futbolchining “Real” bilan shartnomasi 2029-yil yozigacha amal qiladi. Transfermarkt portali ma’lumotlariga ko‘ra, Gyulerning bozor qiymati 90 million yevroni tashkil etadi.








