Dushanba, 19-yanvar kuni jahon bozorlarida oltin va kumush narxlari navbatdagi eng yuqori cho‘qqisiga chiqdi. Bunga AQSH prezidenti Donald Trampning Grenlandiya ustidan nazorat o‘rnatish masalasida Yevropa davlatlariga qo‘shimcha bojlar joriy etishi sabab bo‘ldi. Bu haqda Reuters xabar berdi.
Investorlar bunday geosiyosiy qaltis vaziyatda o‘z mablag‘larini xavfsiz aktivlarga yo‘naltirmoqda. Grinvich vaqti bilan 19-yanvar soat 05:51 holatiga ko‘ra, oltinning spot (amaldagi) narxi 1,6 foizga o‘sib, bir unsiya uchun 4 666,11 dollarni tashkil etdi (eng maksimal narx 4 689,39 dollargacha ko‘tarilgan). Fevral oyida yetkazib beriladigan oltin fyucherslari esa 1,7 foizga qimmatlab, bir unsiyasi uchun 4 671,90 dollarga yetdi.
Kumush narxi ham keskin o‘sishni qayd etdi. Spot kumush narxi 3,6 foizga oshib, bir unsiya uchun 93,15 dollarni tashkil qildi. Avvalroq qimmatbaho metall rekord darajadagi 94,08 dollarlik ko‘rsatkichni qayd etgan edi.
Grenlandiya mojarosi va tariflar
Tramp 17-yanvar kuni Daniyaning Arktikadagi ulkan oroli — Grenlandiyani AQSHga qo‘shib olishga qarshi sakkizta Yevropa davlatlariga 10 foizlik savdo boji qo‘llagan edi. Uning aytishicha, chora fevral oyidan kuchga kiradi va iyunga borib, 25 foizga ko‘tariladi. Bunga javoban Yevropa Ittifoqi elchilari, agar ushbu bojlar kuchga kirsa, munosib javob choralarini ko‘rishga tayyorlanmoqda.
“Geosiyosiy voqealar oltin narxining o‘sishiga turtki bo‘ldi. Trampning tahdidlari haqiqatga yaqin va bu hattoki NATOning parchalanishiga hamda Yevropadagi siyosiy muvozanatning buzilishiga olib kelishi mumkin”, dedi StoneX katta tahlilchisi Mett Simpson.
Ushbu xavotirlar fonida AQSH fond fyucherslari va dollar kursi pasayib, investorlar oltin, iyena va shveysariya frankiga ko‘proq qiziqish bildirmoqda. OCBC strategi Kristofer Vongning ta’kidlashicha, kumush narxi taqchillik va barqaror sanoat talabi tufayli o‘smoqda. Uning qayd etishicha, oltin-kumush nisbati 2025-yil oxiridagi 105 ko‘rsatkichidan 50 gacha pasaygan, bu esa kumushning oltindan ko‘ra jadalroq o‘sayotganini ko‘rsatadi.
Ma’lumot o‘rnida, boshqa qimmatbaho metallar, jumladan, platina spot narxi 0,6 foizga oshib, unsiya uchun 2 341,08 dollarni tashkil etmoqda. Palladiy esa 0,1 foizga qimmatlab, 1 801,87 dollarga yetdi.








