Daryo

FIFA Series-2026: O‘zbekiston mezbonlik qiladigan guruh va ishtirokchi jamoalar ma’lum bo‘ldi

2026-yil mart oyidagi FIFA kunlari doirasida O‘zbekiston milliy terma jamoasi Gabon, Trinidad va Tobago hamda Venesuela terma jamoalariga qarshi bahs olib boradi.

2 daqiqa o‘qish5 539 ko‘rishlar0 izoh0

Xalqaro Futbol Federatsiyalari Assotsiatsiyasi FIFA Series-2026 musobaqasi mezbonlari to‘liq ro‘yxatini hamda guruhlar tarkibini rasman e’lon qildi. Unga ko‘ra, 2026-yil mart oyidagi FIFA kunlari doirasida O‘zbekiston milliy terma jamoasi Gabon, Trinidad va Tobago hamda Venesuela terma jamoalariga qarshi bahs olib boradi.

FIFA tomonidan har ikki yilda bir marta o‘tkaziladigan FIFA Series xalqaro futbol musobaqasi doirasida turli konfederatsiyalarga mansub milliy terma jamoalar o‘rtasida xalqaro o‘rtoqlik uchrashuvlari tashkil etiladi. Musobaqa mini-turnirlar shaklida o‘tkazilib, har bir mini-turnirda to‘rt jamoa ishtirok etadi va bellashuvlar bitta markazlashgan mezbon davlatda bo‘lib o‘tadi.

2025-yil noyabr oyida kengaytirilgan format e’lon qilinganidan so‘ng, FIFA Series 2026 musobaqasida mart va aprel oylaridagi FIFA kunlari doirasida 48 ta milliy terma jamoa ishtirok etishi aniq bo‘lgan edi. Jamoalar har biri to‘rttadan iborat bo‘lgan 12 ta guruhga bo‘linadi. Musobaqada qatnashayotgan 48 terma jamoa FIFA’ga a’zo bo‘lgan 211 ta assotsiatsiyaning qariyb 25 foizini tashkil etadi. Bu esa jahon futbol hamjamiyatining deyarli chorak qismi FIFA Series’da ishtirok etishini anglatadi.

“Bu erkaklar va ayollar terma jamoalari uchun mo‘ljallangan tashabbusning yanada kengayib borayotganini ko‘rsatuvchi muhim bosqich hisoblanadi. FIFA’ga a’zo 11 ta assotsiatsiya ushbu musobaqalarga mezbonlik qiladi. Ruanda ikki guruhga mezbonlik qilishi orqali guruhlar umumiy soni 12 taga yetkazilgan. Tashabbus doirasida 9 ta erkaklar va 3 ta ayollar guruhi tashkil etilgan. Unda FIFA’ning barcha olti konfederatsiyasi vakillari ishtirok etadi, bu esa FIFA Series’ning global xarakterga ega ekanini tasdiqlaydi”, — deyiladi FIFA xabarida.

Erkaklar guruhlari uchun mezbon mamlakatlar sifatida O‘zbekiston, Avstraliya, Ozarbayjon, Indoneziya, Qozog‘iston, Yangi Zelandiya, Puerto-Riko va Ruanda tasdiqlangan. Ayollar o‘rtasidagi bahslar esa Braziliya, Kot-d’Ivuar va Tailandda bo‘lib o‘tadi.

Shuningdek, FIFA Series 2026 turnirida ishtirok etayotgan besh nafar terma jamoa — Avstraliya, Kabo-Verde, Kyurasao, Yangi Zelandiya va O‘zbekiston 2026-yilgi Jahon chempionati yo‘llanmasini ham qo‘lga kiritgan.

Farg‘ona viloyati Bog‘dod tumanida tug‘ilganman. Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti Sport jurnalistikasi fakultetini tamomlaganman. “Daryo”da 2025-yil dekabr oyidan beri sport muxbiri lavozimida ishlayman va maxsus videomateriallar, tarjima maqolalar hamda xabarlar tayyorlayman. Sevimli filmim “Forrest Gamp”. “Shamol ortidan yugurib” (Xolid Husayniy) romanini yaxshi koʻraman.

Telegram kanal@Daryo_Sport24Obuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar