Daryo

Dunyoda boylar va kambag‘allar o‘rtasidagi tafovut kengaydi — hisobot

Oxfam xalqaro tashkiloti milliarderlar boyligi oshib borayotgani, ularning siyosat va ommaviy axborot vositalari ustidan ta’siri kengayayotganidan xavotir bildirdi.

2 daqiqa o‘qish8 677 ko‘rishlar0 izoh6

Milliarderlar har qachongidan ham boyib, siyosat, ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlar ustidan nazoratini tobora kuchaytirmoqda. Bu haqda Oxfam xalqaro yordam tashkiloti oʻzining tengsizlik kuchayib borayotgani haqidagi yillik hisobotida ma’lumot berdi.

Hisobotda mojarolar ko‘payib, norozilik namoyishlari avj olgan bugungi dunyoda boylar va kambag‘allar o‘rtasidagi tafovut keskin kengayayotgani qayd etilgan. Oxfam tahliliga ko‘ra, 2025-yilda milliarderlarning jami boyligi 2,5 trillion dollarga oshgan. Bu deyarli insoniyatning eng kambag‘al yarmi — 4,1 milliard kishining umumiy boyligiga teng.

Oxfamning tengsizlik bo‘yicha yillik hisobotining e’lon qilinishi Shveysariyaning Davos shahrida o‘tkaziladigan Jahon iqtisodiy forumi yig‘ilishi ochilishiga to‘g‘ri keldi. Ushbu anjumanda har yili dunyoning qariyb mingga yaqin eng boy odamlari, siyosiy yetakchilar hamda oz sonli faollar ishtirok etadi.

Oxfam o‘z hisobotida super boylar axborot va aloqa vositalari, jumladan an’anaviy hamda yangi ommaviy axborot platformalari ustidan tobora ko‘proq nazorat o‘rnatayotganini ta’kidlagan.

  • Misol tariqasida Jeff Bezosning Amazon egasi sifatida The Washington Post gazetasini sotib olgani, Ilon Maskning X (sobiq Twitter) platformasini qo‘lga kiritgani, Patrik Sun-Shiongning Los Angeles Times gazetasini xarid qilgani hamda milliarder Vinsent Bollorening Fransiyadagi CNews telekanaliga egalik qilayotgani keltiriladi.

“O‘ta boylarning siyosatchilar, iqtisodiyot va ommaviy axborot vositalari ustidan haddan tashqari katta ta’siri tengsizlikni chuqurlashtirdi va bizni qashshoqlikka qarshi kurashda to‘g‘ri yo‘ldan chalg‘itdi. Hukumatlar sifatli sog‘liqni saqlash, iqlim o‘zgarishiga qarshi chora-tadbirlar va adolatli soliq kabi masalalarda xalq ehtiyojlarini inobatga olishi kerak”, dedi Oxfam ijrochi direktori Amitabh Behar.

Oxfam ma’lumotiga ko‘ra, milliarderlarning oddiy fuqarolarga nisbatan siyosiy lavozimlarni egallash ehtimoli 4 ming barobar yuqori. Tashkilot 66 ta mamlakatda o‘tkazilgan so‘rovnomaga tayanib, shunday xulosaga kelgan. Unda qatnashganlarning deyarli yarmi o‘z mamlakatlarida boylar ko‘pincha saylovlarni “sotib olishi”ni aytgan.

“Boylar va aholining qolgan qismi o‘rtasidagi tafovutning kengayishi bir vaqtning o‘zida juda xavfli va barqaror bo‘lmagan siyosiy bo‘shliqni yuzaga keltirmoqda”, dedi Behar.

  • “Yashash tobora qimmat va chidab bo‘lmas bo‘lib bormoqda”

Oxfam 2025-yili 68 mamlakatda hukumatga qarshi 142 ta yirik norozilik namoyishi bo‘lib o‘tganini, ularning aksariyatiga rasmiylar zo‘ravonlik bilan javob berganini ham qayd etdi.

“Hukumatlar elita manfaatlariga yon bosib, boylikni himoya qilmoqda, odamlarning huquqlari va hayoti tobora qimmat va chidab bo‘lmas bo‘lib borayotganidan kelib chiqqan norozilikni esa bostirmoqda”, dedi Behar.

​

Siyosiy targ‘ibotdan tashqari, Oxfam dunyo bo‘ylab gumanitar yordam ko‘rsatuvchi xayriya tashkiloti hisoblanadi. U Isroil hujumlari oqibatida G‘azoda majburiy ocharchilik xavfi kuchayayotgani haqida bir necha bor ogohlantirgan. Shuningdek, Oxfam 2025-yil oxirida Isroil tomonidan Falastin anklavidan chiqarilishi taqiqlangan 37 ta xalqaro yordam tashkilotidan biri bo‘lgan.

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar