Daryo

AQSH qo‘shinlari Iroqdan to‘liq chiqib ketdi

Endilikda 20 yildan ortiq vaqt davomida amerikalik harbiylar joylashgan Al-Asad aviabazasi va boshqa strategik obyektlar Iroq xavfsizlik kuchlarining to‘liq nazoratiga o‘tdi.

2 daqiqa o‘qish6 344 ko‘rishlar0 izoh6

Iroq hukumati 18-yanvar kuni AQSH harbiylari mamlakatning federal hududidagi harbiy obyektlardan to‘liq chiqib ketish jarayonini yakunlaganini e’lon qildi. Bu haqda Iroq Mudofaa vazirligiga tayanib, CNN xabar berdi.

Al-Asad bazasi to‘liq Iroq nazoratiga o‘tdi

Iroq Mudofaa vazirligining ma’lum qilishicha, AQSH maslahatchilarining so‘nggi kontingenti mamlakat g‘arbidagi Anbar provinsiyasida joylashgan Al-Asad aviabazasini tark etgan. Ushbu baza 20 yildan ortiq vaqt davomida Vashington qo‘shinlariga mezbonlik qilib kelayotgan edi.

Shuningdek, ISHID terrorchilik guruhiga qarshi kurash bo‘yicha AQSH yetakchiligidagi ko‘p millatli koalitsiya ham “Birlashgan operatsiyalar qo‘mondonligi” qarorgohidan chiqib ketgan. Vazirlik bayonotiga ko‘ra, barcha qurilma va inshootlar endilikda Iroq xavfsizlik kuchlarining to‘liq nazoratiga o‘tgan.

Mudofaa vazirligi tomonidan shanba kuni e’lon qilingan videolavhada Iroq yuqori martabali harbiy qo‘mondonlarining Al-Asad aviabazasidagi bo‘shab qolgan zallar va yo‘laklar bo‘ylab yurgani aks etadi. AQSH Mudofaa vazirligining Markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) Iroq tomonining obyektlar topshirilgani haqidagi bayonotini haqiqat ekanini tasdiqladi.

Kurdiston istisno etiladi

Ta’kidlash joizki, ushbu chiqib ketish jarayoni faqat Iroqning federal hududlariga tegishli. AQSH qo‘shinlari mamlakat shimolidagi yarim muxtor o‘lka — Iroq Kurdistonida qolmoqda. Xususan, Arbil provinsiyasidagi Harir aviabazasida Amerika harbiylari hamon mavjud. Iroqning markaziy hukumati Kurdiston mintaqasini to‘liq nazorat qilmaydi, chunki u Iroq konstitutsiyasiga binoan o‘z hukumati, parlamenti va xavfsizlik kuchlariga ega bo‘lgan avtonom federal subyekt hisoblanadi.

Xronologiya

AQSH harbiylarining Iroqdagi soni 2003-yildagi istilodan beri keskin o‘zgarib kelgan:

  • AQSH Iroqda eng ko‘pi bilan 170 000 nafar askari joylashtirgan.
  • 2011-yilda sobiq amerikalik prezident Barak Obama qo‘shinlarni mamlakatdan butunlay olib chiqqan edi.
  • 2014-yilda Iroq hukumatining ISHIDga qarshi kurashda yordam so‘rab qilgan murojaatidan so‘ng, yana 5 000 nafar askar joylashtirilgan.
  • 2021-yil dekabr oyida AQSH o‘zining jangovar missiyasi yakunlanganini e’lon qilgan. Shundan so‘ng, mamlakatda faqat maslahat va ko‘mak berish vazifasini bajaruvchi 2 500 ga yaqin harbiy xizmatchi qolgan edi.

AQSH qo‘shinlarini olib chiqish jarayoni Iroq hukumati tomonidan 2023-yilda bildirilgan talabdan so‘ng, bir necha yil davomida bosqichma-bosqich amalga oshirib kelinayotgan edi.

Mirzayeva Dilafroʻz Safar qizi. 1999-yilda Toshkent viloyatida tavallud topgan. Millati — oʻzbek. 2024-yilda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining Sinxron tarjima yoʻnalishi magistr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar