Daryo

Kreml Mariupolni “Axmat” ixtiyoriga topshirishi mumkin — manba

Ukrainaning Atesh partizanlar harakati shaharda “qodirovchilar” faollashgani, ular Mariupolning resurslari va iqtisodiy obyektlari ustidan to‘liq nazorat o‘rnatmoqchi bo‘layotgani haqida bayonot bergan.

1 daqiqa o‘qish7 733 ko‘rishlar0 izoh5

Ukrainaning bosib olingan Mariupol shahri hamda unga tutash hududlar ustidan nazorat Ramzan Qodirovning “Axmat” tuzilmasi ixtiyoriga topshirilishi mumkin. Ukraina partizanlarining Atesh harakatiga ko‘ra, Rossiya rasmiylari bu orqali Checheniston prezidentining sadoqatini saqlab qolmoqchi.

Manbaga ko‘ra, so‘nggi paytlarda Mariupolda “qodirovchilar” sezilarli darajada ko‘paygan. Bundan maqsad shahardagi resurslar va iqtisodiy obyektlar ustidan to‘liq nazorat o‘rnatish, shuningdek, bosib olingan hududda Grozniyning ta’sirini kuchaytirishdir. Atesh chechen tuzilmalari urushda vayron bo‘lgan shaharning sanoat salohiyati bilan qiziqayotganini ta’kidlagan.

“Biz forma kiygan shaxslarning joylashuvi va ularning qimmat avtomobillari qatnov yo‘nalishlarini muntazam ravishda kuzatib, qayd etib boryapmiz”, deyiladi harakat bayonotida.

​Keng ko‘lamli urush boshlangan 2022-yilga qadar Mariupolning “Azovstal” va “Illich” metallurgiya kombinatlari butun mamlakat po‘lat ishlab chiqarishining, taxminan, 40 foizini ta’minlagan. Qolaversa, shaharda mashinasozlik hamda xizmat ko‘rsatish tarmoqlari ham rivojlangan edi.
“Azovstal” uchun janglar, 2022-yil
Foto: Modern War Institute

Partizanlar harakatiga ko‘ra, Rossiya mulozimlarining bu qarori mahalliy aholi manfaatlariga mos kelmaydi. Qayd etilishicha, rossiyaliklar Mariupolni shahar emas, balki resurslar bazasi sifatida ko‘ryapti.

Andijonlikman, Toshkentda yashayman. Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetini tamomlaganman. “Daryo” tahririyatida 2024-yil noyabr oyidan buyon muxbir sifatida ishlayman va siyosiy, ijtimoiy hamda harbiy yoʻnalishlarga ixtisoslashgan materiallar tayyorlayman. “If qaʼlasining mahbusi” filmini miriqib tomosha qilaman. Lev Tolstoyning asarlarini, ayniqsa, “Urush va tinchlik”ni yoqtiraman.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar