Daryo

Kamchatkada kuchli qor yog‘ishi kuzatildi — fotoreportaj

Ko‘p miqdorda qor yog‘ishi oqibatida Petropavlovsk Kamchatskiyda favqulodda holat e’lon qilindi. Ayrim hududlarda qor qoplami 1,3 metrga yetib, tomlardan qor ko‘chishi oqibatida ikki kishi halok bo‘lgan. Qutqaruvchilar, harbiylar va ko‘ngillilar jalb etilib, jamoat transporti harakati vaqtincha to‘xtatilgan.

2 daqiqa o‘qish22 063 ko‘rishlar0 izoh15

Rossiyaning Kamchatka yarim orolida so‘nggi 30 yil ichidagi kuchli qor yog‘ishi qayd etildi, deb xabar bermoqda “RBK”.

Petropavlovsk Kamchatskiy shahrida qor qoplami ayrim joylarda 1,3 metrga yetgan bo‘lib, ko‘plab turar joylar, yo‘laklar va avtomobillar qalin qor ostida qolgan. Oqibatda shahar infratuzilmasi faoliyati keskin izdan chiqqan.

Foto: “TASS” / Ulyana Lavsevich

Mutaxassislarning ma’lumotiga ko‘ra, ketma-ket kelgan bir necha siklon yarim orolga juda ko‘p yog‘ingarchilik olib kelgan. “Fobos” ob-havo markazi yetakchi mutaxassisi Mixail Leusning aytishicha, Petropavlovsk Kamchatskiyda qor balandligi 51 santimetrdan 133 santimetrgacha yetgan, qo‘shni Sosnovka qishlog‘ida esa bu ko‘rsatkich 163 santimetrni tashkil etgan. So‘nggi bir sutka ichida shaharda oylik yog‘ingarchilik me’yoridan ko‘proq qor yog‘gan.

Foto: “RIA Novosti” / Aleksandr Piragis

Qalin qor sabab ayrim ko‘p qavatli uylarning kirish yo‘laklari butunlay to‘silib qolgan, ayrimlar uylarini birinchi qavat derazalari orqali tark etishga majbur bo‘lgan. Vaziyatga qutqaruvchilar, ko‘ngillilar, talabalar bo‘linmalari va harbiylar jalb etilgan. Ular uyida qamalib qolgan fuqarolar hamda shoshilinch tibbiy yordamga muhtoj bo‘lganlarni evakuatsiya qilish bilan shug‘ullangan.

Foto: “RIA Novosti” / Aleksandr Piragis
Foto: “TASS” / Ulyana Lavsevich

Rossiya Favqulodda vaziyatlar vazirligi aholini baland qor uyumlariga sakramaslik haqida ogohlantirdi. Idora ma’lumotiga ko‘ra, qor ostida avtomobillar, panjaralar yoki o‘tkir metall buyumlar bo‘lishi mumkin, bu esa jiddiy jarohatlarga olib kelish xavfini oshiradi. Shuningdek, qor ichida tiqilib qolish ehtimoli ham yuqori.

Mahalliy boshqaruv kompaniyalari tomlardan qor ko‘chishi mumkin bo‘lgan joylarda to‘siqlar o‘rnatib, hovli va yo‘laklarni tozalash ishlarini olib bormoqda. Rasmiylar ishlar sifatsiz bajarilgan taqdirda ma’muriy javobgarlik qo‘llanishini ma’lum qildi. “TASS” xabariga ko‘ra, shaharda qor ko‘chkisi va tomlardan qor tushishi xavfi bo‘yicha ogohlantirish tizimlari ishga tushirilgan.

Foto: “RIA Novosti” / Aleksandr Piragis

Petropavlovsk Kamchatskiyda 15-yanvardan boshlab favqulodda holat rejimi joriy etilgan. Bu qaror tomdan qor ko‘chishi oqibatida ikki kishi halok bo‘lganidan so‘ng qabul qilingan. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Shahar va viloyat miqyosida qo‘shimcha kuch va texnikalarni jalb etish imkoniyati yaratilgan.

Kamchatka o‘lkasi gubernatori Vladimir Solodov 16-yanvar kuni magistral yo‘llardagi vaziyat keskin murakkablashganini ma’lum qildi. Uning aytishicha, qor tozalash texnikasi ishlashiga xalaqit berayotgan yo‘llarda tashlab ketilgan avtomobillar evakuatsiya qilinadi. Shu sababli shahar bo‘ylab jamoat transporti harakati vaqtincha to‘xtatilgan, aholini tashishda “Rosgvardiya” jalb etilgan.

Foto: “RIA Novosti” / Aleksandr Piragis
Foto: “RIA Novosti” / Aleksandr Piragis

Qor bo‘roni fonida hududdagi ko‘plab muassasalar masofaviy ish rejimiga o‘tkazildi, ayrim maktab va kollejlar yopildi, Vilyuchinsk shahrida esa o‘quvchilar vaqtincha onlayn ta’limga o‘tkazildi. Viloyat prokuraturasi siklon oqibatlarini bartaraf etish jarayonini nazoratga olgan, aholidan kelib tushgan murojaatlar asosida qariyb 130 ta tekshiruv boshlangan.

Foto: “RIA Novosti” / Aleksandr Piragis
Foto: “RIA Novosti” / Aleksandr Piragis

Sinoptiklar ma’lumotiga ko‘ra, yaqin kunlarda siklon chekina boshlaydi, biroq hafta oxirigacha Kamchatkada qor ko‘chkisi xavfi saqlanib qoladi. Mutaxassislar sayyohlar va sportchilarni tog‘ yonbag‘irlariga chiqmaslikka, ota-onalarni esa bolalarning tepaliklar etagida o‘ynashiga yo‘l qo‘ymaslikka chaqirmoqda.

Navoiydanman. Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining Internet jurnalistika yoʻnalishini tamomlaganman. “Daryo”da 2026-yildan buyon Mahalliy xabarlar boʻlimida muharrir sifatida faoliyat yuritib, yangiliklar va jamlanmalar yozaman. Zemekisning “Forrest Gamp” filmini 20 martadan koʻproq tomosha qilganman. Kafkaning “Qalʼa” romanini qayta-qayta oʻqiyman.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar