Polsha ittifoqchisi Ukrainaga 9 tagacha MiG-29 qiruvchi samolyotlarini topshirishi mumkin. Bu haqda mamlakat mudofaa vaziri o‘rinbosari Pavel Zalevski TVP World telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Zalevskiyning aytishicha, hozirda Ukraina Mudofaa vazirligi bilan texnik muzokaralar olib borilyapti. Gap, avvalo, samolyotlarni topshirish tartibi, texnik xizmat ko‘rsatish va ekspluatatsiya masalalari haqida ketmoqda.
“Hozirda Ukraina Mudofaa vazirligining yakuniy javobini kutyapmiz. Muzokaralar davom etmoqda va ular asosan texnik xarakterga ega”, degan Zalevskiy.
Polsha tomoni ma’lumotiga ko‘ra, Ukraina taklifni prinsipial jihatdan qabul qilgan. Dastlabki bosqichda 10 tadan kam samolyot topshirilishi rejalashtirilmoqda. Qolgan qiruvchilar keyinroq berilishi mumkin. Mulozim jarayonda logistika, ehtiyot qismlari, uchuvchilarni o‘qitish va texnik tayyorgarlik kabi masalalar muhimligini ta’kidladi.
Polyak rasmiylariga ko‘ra, mamlakat ixtiyoridagi MiG-29 qiruvchilarining xizmat muddati tugab boryapti. Modernizatsiya dasturlarini davom ettirishning esa imkoni yo‘q. Qolaversa, Varshava jangovar samolyotlari parkini NATO standartlariga muvofiq yangilamoqchi. Shu bois harbiylar ularni Ukrainaga topshirish maqsadga muvofiq deb hisoblamoqda.
Biroq kelishuv bir tomonlama harbiy yordam emas. Qiruvchilar evaziga Ukraina Polshani jang maydonida sinovdan o‘tgan dron texnologiyalari va ulardan foydalanish bo‘yicha taktik-texnik tajribani baham ko‘radi.








