Daryo

O‘nga yaqin neft ortilgan tanker Venesuelani yashirincha tark etdi

Ularning barchasi AQSH sanksiyalari ro‘yxatiga kiritilgan bo‘lib, tankerlar dekabr oyida o‘rnatilgan blokadaga qaramay harakatlangan.

1 daqiqa o‘qish9 682 ko‘rishlar0 izoh2

Venesuelaga tegishli xom neft va yonilg‘i ortilgan o‘ndan ortiq tanker so‘nggi kunlarda mamlakat suvlarini yashirincha tark etdi. Bu haqda kemalar harakatini kuzatuvchi TankerTrackers.com xizmatiga tayanib Reuters xabar berdi.

Ushbu holat yaqinda hokimiyatdan ag‘darilgan sobiq prezident Nikolas Maduro qo‘lga olingunga qadar AQSH tomonidan o‘rnatilgan qat’iy blokadaning buzilishi sifatida baholanmoqda. Kuzatuv xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatni tark etgan barcha kema va tankerlar AQSH sanksiyalari ro‘yxatiga kiritilgan. Shuningdek, yana bir guruh sanksiyaga tushgan kemalar import yuklarini tushirib bo‘lgach yoki mamlakat ichidagi tashuvlarni yakunlab, bo‘sh holda Venesuela suvlaridan chiqib ketgan.

Bu kabi jo‘natmalar Venesuelaning PDVSA davlat neft kompaniyasi uchun katta yengillik bo‘lishi mumkin. Boisi 2025-yil dekabr oyida boshlangan blokada tufayli mamlakatning neft eksporti deyarli to‘xtab qolgan va oqibatda katta miqdordagi xomashyo tankerlarda to‘planib qolgan edi.

Moliyaviy barqarorlik masalasi

Hozirda Venesuela neft vaziri va vitse-prezident Delsi Rodriges boshchiligidagi muvaqqat hukumat uchun neft eksporti hayot-mamot masalasidir. Chunki neftdan tushadigan daromadlar mamlakatdagi xarajatlarni moliyalashtirish va ichki barqarorlikni ta’minlashning asosiy manbayi hisoblanadi.

TankerTrackers.com’ning sun’iy yo‘ldosh tasvirlari orqali aniqlashicha, kamida to‘rtta tanker Margarita oroli shimolidagi yo‘nalish orqali Venesuela suvlarini tark etgan. Ular mamlakat dengiz chegarasi yaqinida qisqa muddatli to‘xtashni amalga oshirgan. Reuters manbasiga ko‘ra esa, Venesuela rasmiylari kamida to‘rtta supertankerga yashirincha suzib ketishga ruxsat bergan.

Hozircha ushbu tankerlarning mamlakatni tark etishi AQSH sanksiyalarini to‘g‘ridan to‘g‘ri buzish yoki kelishilgan harakat ekani noma’lum. Qo‘shma Shtatlar prezidenti Donald Tramp 3-yanvar kuni Venesuelaga nisbatan neft embargosi to‘liq kuchda ekanini ta’kidladi. Biroq u o‘tish davri doirasida Venesuelaning eng yirik mijozlari, jumladan, Xitoy neft olishni davom ettirishini ham qo‘shimcha qilgan.

Mirzayeva Dilafroʻz Safar qizi. 1999-yilda Toshkent viloyatida tavallud topgan. Millati — oʻzbek. 2024-yilda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining Sinxron tarjima yoʻnalishi magistr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar