AQSH prezidenti Donald Trampning Grenlandiyani qo‘lga kiritish rejasi mamlakatga 700 milliard dollarga tushishi mumkinligi ma’lum bo‘ldi. Bu haqda The Independent xabar berdi.
Tramp Daniya hududi hisoblangan ushbu orolni “u yoki bu yo‘l bilan” egallashga va’da bergan, biroq Daniya va Grenlandiya rasmiylari bu bayonotlarni keskin rad etib kelmoqda.
Strategik loyiha va 700 milliard dollarlik narx
Olimlar va sobiq AQSH rasmiylari tomonidan rejalashtirish maqsadida hisoblab chiqilgan 700 milliard dollarlik summa AQSH Urush vazirligining yillik byudjetining yarmidan ko‘pini tashkil etadi. Oq uyning yuqori martabali vakiliga ko‘ra, davlat kotibi Marko Rubioga Grenlandiyani sotib olish bo‘yicha taklif tayyorlash vazifasi topshirilgan.
Mazkur hujjat yaqin haftalarda prezidentga taqdim etiladi. Chorshanba, 14-yanvar kuni Rubio va vitse-prezident Jey Di Vens Vashingtonda Daniya va Grenlandiya rasmiylari bilan orol taqdiri haqida uchrashuv o‘tkazgan.
Amerikaliklar harbiy kuch ishlatilishiga qarshi
Yevropa yetakchilarining g‘azabiga qaramay, Tramp ma’muriyati o‘z rejasini olg‘a surishda davom etmoqda. Biroq yangi so‘rovnomalar bu g‘oya amerikaliklarning o‘zi orasida ham ommabop emasligini ko‘rsatdi. Reuters so‘roviga ko‘ra, amerikaliklarning:
- atigi 17 foizi orolni qo‘lga kiritish harakatlarini ma’qullagan.
- 47 foizi bunga qarshi chiqqan, 35 foizi esa bir qarorga kelmagan;
- 71 foizi esa (shu jumladan, demokratlarning 90 foizi va respublikachilarning 60 foizi) orolni olish uchun harbiy kuch ishlatishni yomon g‘oya deb hisoblamoqda.
- atigi 4 foiz respondent harbiy yo‘lni qo‘llab-quvvatlagan.
Shuningdek, so‘rovnomada ishtirok etgan amerikaliklarning 66 foizi ushbu reja AQSHning NATO va Yevropa bilan ittifoqchilik munosabatlariga zarar yetkazishidan xavotirda ekanini bildirgan.
“Rossiya va Xitoy egallab oladi”
Oq uy matbuot kotibi o‘rinbosari Anna Kelli Trampni milliy xavfsizlikni mustahkamlash uchun doimo “ijodiy g‘oyalar” ustida ishlashini ta’kidladi. Trampning o‘zi esa Truth Social tarmog‘ida agar Amerika Grenlandiyani olmasa, buni Rossiya yoki Xitoy amalga oshirishi haqida ogohlantirdi.
“AQSHga milliy xavfsizlik va biz qurayotgan ‘Oltin gumbaz’ (Golden Dome) loyihasi uchun Grenlandiya kerak. Agar biz buni amalga oshirmasak, Rossiya yoki Xitoy qiladi. Bunga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi!”, deb yozgan Tramp.
“Biz sotilmaymiz”
Grenlandiya va Daniya rasmiylari hudud sotilmasligini bir necha bor tasdiqladi. Xususan, Grenlandiya milliy kasaba uyushmalari konfederatsiyasi rahbari Jess Bertelsen keskin munosabat bildirdi:
“Biz sotilmaymiz va bizni anneksiya qilishlariga yo‘l qo‘ymaymiz. Trampning suvlarimiz Rossiya va Xitoy kemalari bilan to‘lib ketgani haqidagi da’vosi mutlaqo asossiz va uni tan olmaymiz”.Mana shu voqealar fonida bir qator Yevropa davlatlari Grenlandiyaga o‘z qo‘shinlarini yuborishini ma’lum qildi. Shuningdek, orol NATO bilan hamkorlikda mudofaa sohasini mustahkamlashini aytdi. Bundan oldin esa Arktika hududini sotib olish 100 milliard dollarga tushishi haqida xabar berilgandi.








