Isroil tashqi ishlar vaziri Gideon Saar 13-yanvar kuni mamlakat BMTning 7 ta agentligi va unga qarashli tuzilmalar tarkibidan chiqishini e’lon qildi. Bu haqda The Jerusalem Post xabar berdi.
Quddus ushbu qarorini mazkur tashkilotlarning Isroilga nisbatan adovatli munosabati hamda “samarasiz byurokratiya” bilan izohladi. Yahudiy davlati darhol kuchga kiradigan tartibda quyidagi 7 ta tuzilma bilan aloqalarni uzdi:
1. BMT bosh kotibining bolalar va qurolli mojarolar bo‘yicha maxsus vakili idorasi;
2. BMTning gender tengligi va xotin-qizlar huquqlarini kengaytirish bo‘yicha tuzilmasi;
3. BMTning savdo va taraqqiyot bo‘yicha konferensiyasi;
4. BMTning G‘arbiy Osiyo bo‘yicha iqtisodiy va ijtimoiy komissiyasi;
5. BMT Sivilizatsiyalar alyansi;
6. BMT Energetika;
7. Migratsiya va taraqqiyot bo‘yicha global forum.
“Qora ro‘yxat” va e’tiborsizlik
Isroil TIV bayonotida qayd etilishicha, Bolalar va qurolli mojarolar bo‘yicha idora Isroil mudofaa armiyasini (SAXAL) o‘zining yillik hisobotida “qora ro‘yxat”ga kiritgani sababli hamkorlik to‘xtatilgan. Isroil ushbu idora bilan aloqalarni amalda 2024-yil iyunidayoq uzgan edi.
Shuningdek, BMTning ayollar bo‘yicha tuzilmasi 2023-yil 7-oktyabr voqealari paytida isroillik ayollarga nisbatan sodir etilgan jinsiy zo‘ravonlik holatlarini “ataylab e’tiborsiz qoldirgani” uchun jazolanmoqda.
Savdo va taraqqiyot agentligi hamda G‘arbiy Osiyo bo‘yicha komissiya Isroilga qarshi shafqatsiz hisobotlar tayyorlashda, Sivilizatsiyalar alyansi esa Isroilga hujum qilish platformasiga aylanganlikda ayblandi. BMT Energetika “isrofgarchilik va samarasiz byurokratiya” namunasi deb atalgan bo‘lsa, Migratsiya forumi suveren davlatlarning immigratsiya qonunlarini qo‘llash imkoniyatiga putur yetkazayotgani aytiladi.
UNRWA bilan ziddiyat va kadrlar masalasi
Isroil uzoq vaqtdan beri BMTni xolis emaslikda ayblab keladi. Qayd etilishicha, tashkilotda Isroilga qarshi qabul qilinadigan rezolyutsiyalar soni dunyoning qolgan barcha davlatlariga qarshi rezolyutsiyalardan ko‘pdir.
Ayniqsa, BMTning Yaqin Sharqdagi Falastin qochqinlariga yordam ko‘rsatish agentligi (UNRWA) agentligi bilan munosabatlar o‘ta tarang. Isroil ushbu agentlikni HAMAS bilan hamkorlik qilish va maktablarda Isroilga nisbatan nafrat uyg‘otishda ayblab, uning o‘z hududida faoliyat yuritishini taqiqlab qo‘ygan. Shuningdek, 2025-yilda G‘azodagi kamida uchta BMT agentligi rahbarlarining vizasi uzaytirilmagan.
Global kontekst
Mazkur voqealar fonida, o‘tgan hafta AQSH prezidenti Donald Tramp ham Qo‘shma Shtatlarni jami 66 ta xalqaro tashkilot va shartnomalardan (ularning yarmi BMTga qarashli) chiqarishini e’lon qilgan edi. Tramp ularni AQSH manfaatlariga zid harakat qilishda ayblagan.
Isroil Tashqi ishlar vazirligi kelgusida BMTning boshqa agentliklari bilan aloqalarni ham qayta ko‘rib chiqishini qo‘shimcha qildi. Ma’lumot o‘rnida, Isroil G‘azo sektori va bosib olingan G‘arbiy Sohilda faoliyat yuritayotgan 37 ta yordam tashkilotining litsenziyasini bekor qilgandi. Litsenziyasi to‘xtatiladigan tashkilotlar orasida ActionAid, International Rescue Committee va Norwegian Refugee Council kabi yirik xalqaro nohukumat tashkilotlar bo‘lgan.








