Erondagi namoyishlarda jabrlanganlar orasida O‘zbekiston fuqarolari qayd etilmagan. Bu haqda 14-yanvar kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri matbuot kotibi Ahror Burxonov ma’lum qildi.
Vazirlik vakili Erondagi elchixonasi ma’lumotlarga tayanib, ushbu mamlakatdagi norozilik namoyishlarida jabrlanganlar orasida O‘zbekiston fuqarolari yo‘qligini, Erondagi vaziyatni diqqat bilan kuzatib borishayotganini bildirdi.
“Eronda bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolaridan miting va namoyishlarda ishtirok etmaslikni, odamlar ko‘p to‘planadigan joylardan yiroq bo‘lishni hamda shaxsiy xavfsizlik choralariga qat’iy rioya etishni so‘rab qolamiz”, dedi Ahror Burxonov.
Vazirlik vakili zarur hollarda O‘zbekistonning Tehron shahridagi elchixonasiga quyidagi telefon raqamlari orqali murojaat qilishingiz mumkinligini ma’lum qildi: +982122299780, +982122832025.
Erondagi norozilik namoyishlari
2025-yil dekabr oyi oxiridan beri davom etayotgan namoyishlar Tehronda do‘kondorlarning pulning qadrsizlanishi va yuqori inflyatsiyaga qarshi ish tashlashi bilan boshlangan. Keyinchalik aksiyalar boshqa hududlarga ham tarqalib, siyosiy tus oldi. Eron iqtisodiyoti xalqaro sanksiyalar sabab jiddiy bosim ostida qolmoqda. Xususan, milliy valyuta — rial 2025-yil davomida AQSH dollariga nisbatan qiymatining uchdan biridan ko‘prog‘ini yo‘qotgan.
Eron hukumati mamlakatda davom etayotgan namoyishlarni bostirish uchun misli ko‘rilmagan kuch ishlatmoqda. 5-yanvar kuni Eron sud hokimiyati rahbari o‘lim qayd etilayotgan noroziliklardan so‘ng, xalqning namoyish o‘tkazish huquqi bo‘lsa-da, mamlakat “isyonchilar”ga nisbatan hech qanday shafqat ko‘rsatmasligini bildirdi.








