Daryo

Eron valiahd shahzodasi Trampdan namoyishchilarga yordam berishga tayyor turishni so‘radi

U Oyatulloh Ali Xomanaiy namoyishlarni bostirishga tahdid qilayotganini, shuningdek, “yosh qahramonlar”ning erkinliklarini cheklash maqsadida aloqaning uzilishidan foydalanmoqchi ekanini ta’kidlagan.

2 daqiqa o‘qish8 419 ko‘rishlar0 izoh1

Eron valiahd shahzodasi Rizo Pahlaviy AQSH prezidenti Donald Trampni ommaviy norozilik namoyishlari davom etayotgan mamlakatdagi vaziyatga aralashishga chaqirdi. U X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida namoyishchilar tobora ko‘proq qiyinchiliklarga duch kelayotganini yozgan.

“Iltimos, Eron xalqiga yordam berish uchun aralashishga tayyor turing. O‘tgan tunda siz ko‘chalarda o‘qqa qarshi turgan millionlab jasur eronliklarni ko‘rdingiz. Bugun ular nafaqat o‘qlarga, balki aloqaning butunlay uzilishiga ham duch kelmoqda. Internet yo‘q. Statsionar telefon aloqasi ham yo‘q”, deya ta’kidladi Pahlaviy.

Shuningdek, u Eron oliy rahnamosi Oyatulloh Ali Xomanaiy namoyishlarni bostirishga tahdid qilayotganini aytgan. Bundan tashqari, Islom Respublikasining amaldagi rahbari “yosh qahramonlar”ning erkinliklarini cheklash maqsadida aloqaning uzilishidan foydalanmoqchi ekanini ta’kidlagan.

  • Eronda norozilik namoyishlari

Eronda 28-dekabrdan buyon ommaviy ko‘cha namoyishlari davom etmoqda. Noroziliklar Tehronning asosiy bozorida boshlangan, dastlab do‘kondorlar giperinflyatsiya va narxlarning keskin o‘zgarishiga qarshi savdo nuqtalarini yopgan. Eron iqtisodiyoti xalqaro sanksiyalar sabab jiddiy bosim ostida qolmoqda. Xususan, milliy valyuta — rial 2025-yil davomida AQSH dollariga nisbatan qiymatining uchdan biridan ko‘prog‘ini yo‘qotgan.

Hukumat 4-yanvar kuni iqtisodiy bosimni yumshatish maqsadida har bir fuqaro uchun oylik nafaqa joriy etilishini e’lon qilgan. Ushbu to‘lov o‘rtacha oylik ish haqining taxminan 3,5 foiziga teng. Aholisi 90 milliondan ortiq bo‘lgan Eronda eng kam ish haqi taxminan 100 dollar, o‘rtacha oylik maosh esa 200 dollar atrofida.

Namoyishchilar 8-yanvar kuni Tehronning asosiy ko‘chalaridan biri — Oyatulloh Koshoniy xiyobonini to‘sib qo‘ydi. Xavfsizlik kuchlari niqob taqqan namoyishchilarga qarshi ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz qo‘llamoqda. Mashhad, Kirmonshoh va boshqa yirik shaharlarda ham ommaviy norozilik namoyishlari kuzatilmoqda.

Namoyishlar boshlanganidan beri Norvegiyaning Iran Human Rights (IHR) tashkiloti kamida 45 nafar kishi halok bo‘lganini qayd etgan. Ular orasida sakkiz nafar voyaga yetmagan bola ham bor.

Eron oliy rahnamosi Oyatulloh Ali Xomanaiy AQSH prezidenti Donald Trampni tarixiy zolimlar kabi ag‘darilish kutayotganini aytdi va mamlakatdagi namoyishchilarni xorijiy kuchlarga xizmat qilishda aybladi.

Andijondanman. Oʻzbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti hamda Xalqaro Nordik universitetini (magistr) tamomlaganman. “Daryo”da 2019-yildan beri muxbir boʻlib ishlayman va maxsus materiallar, tenderlar, sud hukmlari, tarjimalar bilan shugʻullanaman. 2025-yilda “Oltin qalam” milliy mukofotini olganman. Tarixiy film va seriallarni koʻrishni xush koʻraman. Eng sevimli asarim Togʻay Murodning “Otamdan qolgan dalalar” kitobidir.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar