Daryo

Xitoylik sayyohlar Yangi yil bayramida O‘zbekistonga tashrifini ikki barobarga oshirdi

Tahlilchilar O‘zbekistonga sayohatning ortishini Xitoy fuqarolari uchun vizasiz rejimning joriy etilishi bilan bog‘lagan.

1 daqiqa o‘qish4 918 ko‘rishlar0 izoh0

Xitoydan O‘zbekistonga aviachiptalarni bron qilish soni 2026-yil 1-3-yanvar kunlari o‘tgan yilga nisbatan ikki baravar oshdi. Bu haqda “Dunyo” AA xabar berdi.

Xitoyning “Sinxua” axborot agentligi maʼlumotiga ko‘ra, xitoylik ko‘plab sayyohlar yangi yilning dastlabki kunlarida sayohat uchun O‘zbekistonni tanlagan. Tahlilchilar O‘zbekistonga sayohatning ortishini Xitoy fuqarolari uchun vizasiz rejimning joriy etilishi bilan bog‘lagan. 

O‘zbekiston statistik manbalariga ko‘ra, so‘nggi yillarda Xitoydan O‘zbekistonga sayyohlar oqimi sezilarli darajada oshgan. 2024-yilda mamlakatga Xitoydan 74,3 ming sayyoh tashrif buyurdi, bu 2023-yilga nisbatan qariyb 75 foizga ko‘pdir.

Ushbu ijobiy dinamika 2025-yilda ham davom etdi: yanvar-oktyabr oylarida O‘zbekiston Xitoydan 217 mingga yaqin sayyohni qabul qildi va yil oxiriga kelib bu ko‘rsatkich 250 ming kishidan oshishi kutilmoqda. Bu o‘tgan yilga nisbatan 3 baravardan ko‘proqdir.

Ekspertlarning taʼkidlashicha, sayohatlarning ko‘payishi nafaqat vizasiz rejim, balki yakunlangan Turizm yili doirasida O‘zbekistonning Xitoy sayyohlik bozorida faol targ‘ib qilinishi, ikki mamlakatning yirik shaharlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarning kengayishi bilan bog‘liq.

Xitoylik sayyohlar oqimining ko‘payishi O‘zbekistonning Osiyodan kelgan sayyohlar orasida, ayniqsa, bayram taʼtillari davrida tobora ommalashib borayotganini ko‘rsatadi va turizm sohasi uchun yangi imkoniyatlar ochadi.

Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilning yanvar–noyabr oylarida O‘zbekistonga turistik maqsadlarda jami 10,7 mln nafar chet el fuqarosi tashrif buyurgan.

Mazkur davrda O‘zbekistonga dunyoning 200 ta davlatidan turistlar kelgani qayd etilgan. Tashrif buyurgan xorijiy fuqarolarning gender kesimidagi taqsimoti quyidagicha:

  • erkaklar — 5 850 226 nafar;
  • ayollar — 4 899 104 nafar.
Yosh guruhlari bo‘yicha turistlar soni:

0–18 yosh — 1 383 437 nafar;
19–30 yosh — 1 756 723 nafar;
31–55 yosh — 5 427 650 nafar;
56 yosh va undan kattalar — 2 181 520 nafar.

Toshkent Condé Nast Traveler xalqaro sayyohlik jurnali tomonidan “2026-yilda Osiyoda sayohat qilish uchun eng yaxshi joylar” ro‘yxatiga kiritildi.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar