25-dekabr kuni O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi milliy terma jamoa bosh murabbiyi Fabio Kannavaroning 2026-yilgi Jahon chempionatiga tayyorgarlik bo‘yicha rejasini O‘zbekiston professional futbol ligasiga taqdim etgan. Ushbu rejaga ko‘ra, 2026-yilning 5-may sanasidan boshlab Superliga uchrashuvlarini o‘tkazish imkoni bo‘lmaydi. Shu sababli Liga avvalroq tasdiqlangan musobaqa taqvimiga o‘zgartirish kiritishga majbur bo‘ldi. Bu haqda O‘zPFL matbuot xizmati xabar berdi.
Liga tomonidan ishlab chiqilgan yangi taqvim tezda klublarga taqdim etilgan bo‘lib, barcha jamoalar belgilangan muddatda ushbu taqvimga rozilik bildirgan.
Milliy terma jamoa 5-maydan boshlab mahalliy futbolchilar ishtirokida yig‘inga kirishadi. Rejaga ko‘ra, O‘zbekiston terma jamoasi 10, 17 va 24-may kunlari Superliganing yetakchi klublariga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvlari o‘tkazadi. Ushbu jarayon iyun oyidagi FIFA kunlari bilan uzviy bog‘liq holda davom ettiriladi.
May, iyun va iyul oylarida yuzaga keladigan uzoq tanaffus Superliga yaxlitligiga ta’sir ko‘rsatmasligi maqsadida may oyining qolgan qismi O‘zbekiston kubogi uchrashuvlari bilan to‘ldiriladi.
Shuningdek, O‘zPFL 2027-yilgi Osiyo Kubogi yaqinlashib kelayotganini ham hisobga olgan bo‘lib, milliy jamoaga nomzod futbolchilarning dekabr oyida qisqa ta’tilga chiqishi va Osiyo Kubogi oldidan yig‘inlarga tayyorlanishi kerak. Shu bois JCH–2026 yakunidan keyin rejalashtirilgan mavsumning ikkinchi qismi 20-iyuldan start oladi.
Superliganing so‘nggi turi 3-dekabr sanasiga belgilandi. O‘tish o‘yinlari va O‘zbekiston kubogi yarim finalida ishtirok etmaydigan klublar ushbu sanadan so‘ng tanaffusga chiqadi. O‘tish o‘yinlari doirasidagi to‘rt uchrashuv qisqa muddatda va markazlashgan holda Toshkent shahrida o‘tkaziladi. Bu qaror logistika bilan bog‘liq muammolarni kamaytirish hamda futbolchilarning tiklanish imkoniyatlarini inobatga olgan holda qabul qilingan.
Yozgi transfer oynasi 22-iyundan 24-iyulgacha davom etadi. Ushbu davrda klub tarkibiga qo‘shilgan futbolchilarni Superliganing 14-turidan boshlab qaydnomaga kiritishga ruxsat etiladi.








