Prezidentning davlat byudjeti daromadlarini prognozlashtirish tartibini takomillashtirishga qaratilgan qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar qildi.
Qayd etilishicha, 2026 moliya yilida davlat byudjeti daromadlari boʻyicha choraklik prognoz koʻrsatkichlari Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan daromad manbalari hamda hududlar kesimida Prezident administratsiyasi bilan kelishgan holda tasdiqlanadi. Ularga vazirlik administratsiya bilan kelishgan holda oʻzgartirish kiritishi mumkin.
Prognoz koʻrsatkichlari tasdiqlangandan soʻng 3 ish kunida tuman va shaharlarning byudjet daromadlari boʻyicha manbalar hamda choraklar kesimidagi prognoz koʻrsatkichlari tegishli hokimlar qarori bilan maʼqullanadi.
2026-yildan kelgusi moliya yili uchun davlat byudjeti daromadlari prognozini hisoblash Iqtisodiyot va moliya vazirligining axborot tizimi orqali avtomatlashtirilgan shaklda amalga oshiriladi.
Avvalroq prezident Shavkat Mirziyoyev 2026-yil uchun davlat byudjeti toʻgʻrisidagi qonunni imzolagani xabar qilingandi. Ushbu qonunga asosan ajratiladigan mablagʻlar faqat 2026-moliya yili davomida foydalaniladi.








