Daryo

“Yetar! Anneksiyani xayolingizga ham keltirmang” — Grenlandiya bosh vaziri

Yens Frederik Nilsen Trampning orolni bosib olish haqidagi tahdidiga keskin javob qaytardi.

2 daqiqa o‘qish1 437 ko‘rishlar0 izoh3

Grenlandiya bosh vaziri Yens Frederik Nilsen AQSH prezidenti Donald Trampning avtonom hududni anneksiya qilish haqidagi takroriy tahdidlaridan so‘ng keskin bayonot bilan chiqdi. Bu haqda Euronews xabar berdi.

“Bosim o‘tkazishni bas qiling”

“Bo‘ldi, endi yetar! Boshqa hech qanday bosim, ishoralar va anneksiya haqidagi xayollarga o‘rin yo‘q”, deb yozdi Nilsen Facebook’dagi sahifasida.

Hukumat rahbarining ta’kidlashicha, Grenlandiya muloqot va muhokamalar uchun ochiq, biroq bu jarayon xalqaro huquq normalariga hurmat saqlagan holda, tegishli kanallar orqali amalga oshirilishi shart.

Arktikadagi xavotirlar

Vashingtonning Venesuela prezidenti Nikolas Maduroni qo‘lga olish operatsiyasi Grenlandiya borasidagi xavotirlarni kuchaytirib yubordi. Tramp anchadan buyon Arktikadagi strategik joylashuv tufayli ushbu orolni AQSH tarkibiga qo‘shib olish niyatini ochiq bildirib kelmoqda.

Tramp 4-yanvar kuni Vashingtonga qaytayotganida, samolyot bortida jurnalistlarning savollariga javob berar ekan, o‘z maqsadini yana bir bor yashirmadi.

“Milliy xavfsizlik nuqtayi nazaridan bizga Grenlandiya kerak. Daniya buni ta’minlay olmaydi. Grenlandiya haqida taxminan 20 kundan keyin gaplashamiz”, dedi Oq uy rahbari.

Daniya va Yevropa birdamligi

Daniya bosh vaziri Mette Frederiksen Vashingtonni o‘zining tarixiy ittifoqchisiga tahdid qilishni to‘xtatishga chaqirdi. U AQSHning Grenlandiya ustidan nazorat o‘rnatish haqidagi iddaolarini “mutlaqo be’mani” deb atadi va Daniya (Grenlandiya ham) NATO a’zosi sifatida xavfsizlik kafolatlariga ega ekanini eslatib o‘tdi.

Yevropa yetakchilari ham ushbu masalada Daniyani qo‘llab-quvvatlamoqda, Masalan, Germaniya kansleri Fridrix Mers 2025-yil iyun oyida chegaralar daxlsizligi tamoyili xalqaro huquqda mustahkamlangani va bu masalada Daniya bilan birdam ekanini bildirgandi.

Fransiya Tashqi ishlar vazirligi chegaralar kuch ishlatish yo‘li bilan o‘zgartirilishi mumkin emasligini va Grenlandiya taqdirini faqat grenlandiyaliklar va daniyaliklar hal qilishini ta’kidladi. Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayen esa hududiy yaxlitlik xalqaro huquqning fundamental prinsipi ekanini qayd etdi.

NATOning pozitsiyasi

NATO bosh kotibi Mark Ryutte 2025-yil mart oyida Oq uyga tashrifi chog‘ida orolning alyans xavfsizligi uchun muhimligini tan olgan. Biroq u NATOning ushbu siyosiy bahslarga aralashishini istamasligini bildirgan.

Shunga qaramay, Tramp Ryutte ushbu anneksiya jarayonida muhim rol o‘ynashi mumkinligiga ishonch bildirgan. Ma’lumot o‘rnida, Donald Tramp Grenlandiyani sotib olish yoki tarkibga qo‘shib olish g‘oyasini ilk bor o‘zining birinchi prezidentlik davrida, ya’ni 2019-yilda ilgari surgan edi.

Mirzayeva Dilafroʻz Safar qizi. 1999-yilda Toshkent viloyatida tavallud topgan. Millati — oʻzbek. 2024-yilda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining Sinxron tarjima yoʻnalishi magistr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar