AQSH tomonidan Venesuela prezidenti Nikolas Maduroning qo‘lga olinishi va Donald Trampning ushbu mamlakat neft zaxiralarini “kashf etish” haqidagi va’dalari fonida jahon bozorida neft narxi pasayishi kuzatildi. Bu haqda The Guardian xabar berdi.
Neft bozoridagi tebranishlar
5-yanvar, dushanba kungi savdolarda Brent markali neft narxi 0,7 foizga tushib, bir barreli uchun 60,33 dollarni tashkil etdi. WTI (West Texas Intermediate) nefti esa 0,54 foizga arzonlashib, 56,01 dollarga tushdi. Tramp AQSH kompaniyalari Venesuelaga kirib, buzilgan infratuzilmani tiklashi va milliardlab dollar sarmoya kiritishi haqida aytganidan so‘ng, bozorlarda neft taklifi ko‘payishi kutilmoqda.
Yillar davomida davom etgan sanksiyalar va investitsiya tanqisligi sababli hozirda Venesuela dunyo neftining atigi 1 foizini ishlab chiqarmoqda. Biroq AQSH Energetika axborot boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, jahon neft zaxiralarining 17 foizi aynan shu davlat hissasiga to‘g‘ri keladi.
Chevron sobiq rahbari 2 milliard dollar sarmoya kiritadi
AQSHning yirik neft gigantlari hozircha jim tursa-da, Chevron korporatsiyasining Lotin Amerikasi bo‘yicha sobiq rahbari Ali Moshiri Venesueladagi loyihalar uchun 2 milliard dollar ajratayotganini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Amos Global Energy Management jamg‘armasi allaqachon sarmoya kiritish uchun bir nechta obyektlarni belgilab qo‘ygan.
Biroq ekspertlar tiklanish jarayoni uzoq davom etishidan ogohlantirmoqda. XTB brokerlik firmasi tadqiqot direktori Ketlin Bruksning fikricha:
“Venesuela iqtisodiyotini oyoqqa turg‘azish uchun yangi quduqlar qazish va zavodlarni modernizatsiya qilish kerak. Bu jarayon 2030-yilgacha yoki undan ham ko‘proq vaqt olishi mumkin”.
Ma’lumot o‘rnida, Venesuela 1998-yilda kuniga 3,5 million barrel neft ishlab chiqargan bo‘lsa, hozirda bu ko‘rsatkich 1 million barrelga ham yetmaydi.
Obligatsiyalar bozori va Xitoyning xavotiri
Venesueladagi siyosiy o‘zgarishlar mamlakatning davlat obligatsiyalari narxi oshishiga sabab bo‘ldi. 2017-yildagi defoltdan beri qadrsizlangan qimmatli qog‘ozlar, Maduro hokimiyati ag‘darilishi fonida keskin ko‘tarildi. Masalan, 2027-yilda muddati tugaydigan obligatsiyalar narxi har bir dollar uchun 31,5 pensdan 40 pensga ko‘tarildi.
Shu bilan birga, Xitoy hukumati Venesueladagi vaziyat tufayli o‘z banklariga ushbu mamlakatdagi aktivlar va kreditlar bo‘yicha hisobot berishni topshirdi. Bloomberg nashrining yozishicha, Xitoy bank sektori yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan moliyaviy zarbalarga tayyorgarlik ko‘rmoqda.
Oltin va bitkoin qimmatlashmoqda
Geosiyosiy beqarorlik sharoitida investorlar o‘z mablag‘larini himoyalashga intilmoqda. Oltin narxi 2 foizga oshib, har bir unsiyasi uchun 4 413,93 dollarni tashkil etdi. Kumush narxi 3,5 foizgacha ko‘tarildi. Bitkoin esa 1,1 foizga qimmatlashib, 92 504 dollarga yetdi.
OPEK+ guruhi esa hozircha o‘z strategiyasini o‘zgartirgani yo‘q. Rossiya, Saudiya Arabistoni va BAAni o‘z ichiga olgan guruh neft qazib olishni ko‘paytirish bo‘yicha tanaffusni kamida aprel oyigacha saqlab qolishga kelishib oldi.








