Madridning “Real” klubi yarim himoyachisi Jud Bellingem rahbariyatdan o‘z vatandoshi, Angliyaning “Kristal Pelas” jamoasi futbolchisi Adam Uortonni transfer qilishni so‘ragan.
Xabarlarga ko‘ra, 21 yoshli futbolchi “qirollik klubi” uchun ideal variant sifatida ko‘rilmoqda. Xususan, u Bellingemni himoyaviy vazifalardan qisman ozod etishi va jamoada avlodlar almashinuvini bosqichma-bosqich amalga oshirishga yordam berishi mumkin.
Qayd etilishicha, “Kristal Pelas” Adam Uortonni 80 million yevrodan kamiga sotishni rejalashtirmayapti.
Joriy mavsumda Uorton barcha musobaqalar doirasida 24 ta uchrashuvda maydonga tushib, 3 ta golli uzatma muallifi bo‘lgan. Futbolchining klub bilan amaldagi shartnomasi 2029-yil yoziga qadar mo‘ljallangan. Transfermarkt portaliga ko‘ra, uning bozor qiymati 60 million yevroga baholanmoqda.
Jud Bellingem esa joriy mavsum “Real Madrid” safida 20 ta uchrashuvda maydonga tushib, 5 ta gol va 4 ta golli uzatma qayd etgan. Transfermarkt portali uning transfer qiymatini 160 million yevro deb baholamoqda.
Madrid klubi La Ligada 18 ta uchrashuv o‘tkazib, 42 ochko jamg‘argan holda turnir jadvalida ikkinchi o‘rinni egallab turibdi. Chempionat yetakchisi “Barselona” esa 18 o‘yindan so‘ng 46 ochkoga ega.








