“Benfika” bosh murabbiyi Joze Mourinyo Londonning “Chelsi” klubidan taklif tushsa, jamoani boshqarishga tayyor. Bu haqda Indykaila News nashri o‘zining X (sobiq Twitter) tarmog‘idagi sahifasida xabar bergan.
Portugaliyalik mutaxassis “Chelsi”ni boshqargan yillarini faoliyatidagi eng yaxshi davr deb hisoblaydi. Shu sababdan “ko‘klar” bosh murabbiyi sifatida ortga qaytishni istamoqda. Biroq manbaga ko‘ra, “Chelsi” Mourinyoga nisbatan xuddi shunday munosabatda bo‘lmasligi mumkin. Chunki londonliklar zamonaviy qarashlarga ega murabbiy izlamoqda. Ularning fikricha, Jozening murabbiylik usullari eskirgan.
Eslatib o‘tamiz, Joze Mourinyo 2004–2007 va 2013–2015-yillar oralig‘ida “Chelsi”ni boshqargan. U jamoa bilan 3 marta Angliya Premyer Ligasi chempionligi, ikki karra Liga Kubogi va 1 marta Angliya Kubogini qo‘lga kiritgan. 62 yoshli mutaxassis sentyabr oyidan beri “Benfika” ustozi sifatida faoliyat yuritmoqda.
Ma’lumot uchun, joriy mavsum “Chelsi” Angliya Premyer Ligasida 19 o‘yin o‘tkazib, 30 ochko jamg‘argan holda turnir jadvalida beshinchi o‘rinni egallab turibdi. Jamoa peshqadam “Arsenal”dan 15 ochkoga ortda qolmoqda.








