Xitoylik jarrohlar dunyoda ilk bor uzilib ketgan quloqni avval bemorning oyog‘iga ko‘chirib, keyin esa asl joyiga qayta o‘rnatish bo‘yicha operatsiyani amalga oshirdi. Bu haqda South China Morning Post xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, bemor ayol aprel oyida og‘ir texnika bilan ishlayotgan paytda qulog‘idan ayrilgan. Hodisa oqibatida uning bosh terisi, bo‘yni va yuzining katta qismi jiddiy jarohatlangan. Ayol hayot uchun xavfli jarohatlar bilan shifoxonaga yetkazilgan.
To‘qimalar va qon tomirlarining og‘ir shikastlanishi tufayli quloqni an’anaviy usulda qayta tiklash (replantatsiya) imkonsiz bo‘lgan. Shu bois jarrohlar noodatiy yechim tanlab, quloqni vaqtincha oyoqning yuqori qismiga ko‘chirib o‘tkazishga qaror qilgan. Shifokorlar buni oyoq arteriya va venalarining diametri quloq tomirlari bilan mos kelishi bilan izohlagan.
Mazkur amaliyot ilgari hech qachon bajarilmagan va hujjatlashtirilgan muvaffaqiyatli holatlar bo‘lmagan. Dastlabki operatsiya, taxminan, 10 soat davom etgan. Uni murakkablashtirgan asosiy omil quloqdagi qon tomirlarining nihoyatda kichikligi bo‘lib, ularning diametri atigi 0,2–0,3 millimetrni tashkil etadi.
Shu bilan birga, bemorning bosh terisini tiklash uchun qorin sohasidan teri ko‘chirib o‘tkazilgan. Besh oy o‘tgach, jarohatlar bitib, keyingi bosqichda quloqni asl joyiga qaytarish operatsiyasi amalga oshirilgan. Oktyabr oyida o‘tkazilgan 6 soatlik ushbu amaliyot tibbiyotda yangi jahon tajribasi sifatida qayd etilgan.








