Daryo

Germaniya 2026-yilda Ukrainaga rekord miqdorda yordam ajratadi

Berlin Kiyevni qo‘llab-quvvatlash uchun butun mamlakat byudjetining 2,2 foizini yo‘naltiradi.

1 daqiqa o‘qish1 484 ko‘rishlar0 izoh2

Germaniya parlamentining hukmron koalitsiyasi 2026-yil byudjetidan Ukraina uchun yordamni keskin oshirishga kelishdi. Qonunchilar bu masalada kompromiss topish uchun 15 soat davomida muzokaralar olib borishiga to‘g‘ri keldi.

Koalitsiya deputatlari Ukrainaga 11,5 milliard yevro ajratishni rejalashtirmoqda. Bu Rossiya mamlakatga qarshi keng ko‘lamli urush boshlagan 2022-yildan buyon eng yuqori ko‘rsatkichdir. Boshqacha aytganda, ushbu summa Berlin so‘nggi to‘rt yil ichida Kiyevga ko‘rsatgan yordamining taxminan yarimiga teng.

Germaniya byudjet xarajatlarining 2,2 foizini ushbu maqsad uchun yo‘naltiradi. Ma’lum bo‘lishicha, byudjetning “Ukraina” bo‘limi eng katta o‘zgarishga uchragan. Moliya vazirligi ushbu yo‘nalish uchun ajratmalarni dastlabki variantga nisbatan 3 milliard yevroga oshirishni taklif qilgan. Qo‘shimcha mablag‘lar, artilleriya, dronlar, zirhli texnikalar va Patriot zenit-raketa tizimlari sotib olishga yo‘naltiriladi.

Germaniya tomonidan Ukrainaga yetkazib berilgan Patriot tizimi
Foto: Ukraina prezidenti ofisi

Kiel Jahon iqtisodiyoti instituti ma’lumotlariga ko‘ra, Germaniya Ukrainaga yordam borasida Qo‘shma Shtatlardan keyin ikkinchi o‘rinda turadi. 2025-yil oktyabr holatiga ko‘ra, mamlakat ushbu maqsad uchun jami 22,5 milliard yevro ajratgan. Undan 17,7 mlrd yevrosi harbiy, 3,4 mlrd yevrosi gumanitar va yana 1,4 mlrd yevro mablag‘ moliyaviy yordam ko‘rinishida berilgan.

Biroq institutning o‘zining so‘nggi hisobotida Ukrainaga yordam sezilarli darajada ozaygani qayd etiladi. Jumladan, 2024-yil yozida Yevropa davlatlarining bu boradagi xarajatlari 57 foizga kamaygan. Hisobot mualliflari buni Donald Tramp hokimiyatga kelishi ortidan ta’minot bilan bog‘liq qiyinchiliklar yuz bergani bilan izohlagan.

Andijonlikman, Toshkentda yashayman. Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetini tamomlaganman. “Daryo” tahririyatida 2024-yil noyabr oyidan buyon muxbir sifatida ishlayman va siyosiy, ijtimoiy hamda harbiy yoʻnalishlarga ixtisoslashgan materiallar tayyorlayman. “If qaʼlasining mahbusi” filmini miriqib tomosha qilaman. Lev Tolstoyning asarlarini, ayniqsa, “Urush va tinchlik”ni yoqtiraman.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar