Rossiya prezidenti Vladimir Putin aholiga yo‘llangan 2026-yil tabrigida Ukrainaga qarshi qariyb to‘rt yildan beri davom etayotgan urushga urg‘u berdi.
Putin o‘z nutqida Rossiya armiyasi jangchilari va qo‘mondonlarini alohida tabriklab, ular “ona zamin, haqiqat va adolat uchun kurashish mas’uliyatini o‘z zimmasiga olganini” aytdi. Prezident ularni “qahramonlar” deb atab, “so‘zda ham, amalda ham” qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.
“Sizlarga va g‘alabamizga ishonamiz!” dedi Rossiya rahbari.
Murojaatning qolgan qismi odatiy ohangda bo‘ldi. Putin Rossiyaning “ming yillik tarixi”ni tilga olib, fuqarolarni “birdamlik”ka chaqirdi. Uning aytishicha, aynan birlik “mamlakat suvereniteti, xavfsizligi, rivoji va kelajagini belgilaydi”.
Putin RF qurolli kuchlarining urushdagi yo‘qotishlarini tilga olmadi
2025-yil dekabr oyi o‘rtalariga kelib, BBC rus xizmati va "Mediazona" jurnalistlari ko‘ngillilar ishtirokida ochiq ma’lumotlar asosida Ukrainadagi urushda halok bo‘lgan 155 368 nafar rossiyalik harbiyning ismini ochiqladi. Gap faqat aniqlashga muvaffaq bo‘lganlar haqida ketmoqda.
Ekspertlar fikricha, Rossiya armiyasining Ukrainadagi haqiqiy yo‘qotishlari ancha yuqori. 200-300 ming kishidan ortiq raqamlar tilga olinadi. Ukraina armiyasi hisob-kitoblariga ko‘ra, 30-dekabrga kelib, keng ko‘lamli hujum paytida Rossiyaning taxminiy yo‘qotishlari 1,2 milliondan ortiq askarni tashkil etgan.
Putin dekabr oyi oxirida Bosh shtab rahbariyati bilan bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Ukrainani urush boshlashda va “nizoni tinch yo‘l bilan hal qilishni istamaslikda” ayblagandi. U Rossiya o‘z oldiga qo‘ygan barcha vazifalarni “qurolli yo‘l” bilan hal qilishga tayyorligini aytdi.








