Marokash terma jamoasi 2025-yilgi Afrika Millatlar Kubogida o‘z guruhida g‘olib chiqib, Afrika terma jamoalari orasida rekord o‘rnatdi. “A” guruhining 3-tur uchrashuvida turnir mezbonlari Zambiya ustidan 3:0 hisobida g‘alaba qozonib, ushbu tarixiy natijani qayd etdi.
Manbaga ko‘ra, bu Marokash terma jamoasining Afrika Millatlar Kubogida guruh bosqichidagi ketma-ket to‘rtinchi g‘alabasi hisoblanadi. Ushbu seriya turnir tarixidagi eng uzun natija sanaladi. Joriy musobaqada Marokash uchta uchrashuvda 7 ochko jamg‘ardi: Komor orollarini va Zambiyani mag‘lub etdi hamda Mali bilan durang o‘ynadi.
Ma’lumot uchun, Marokash terma jamoasi 2023-yilgi turnirda ham guruh bosqichini 7 ochko bilan yakunlagan, xuddi shunday natija 2021-yilda ham qayd etilgan. 2019-yilda esa marokashliklar guruh bosqichidagi barcha uchta uchrashuvda g‘alaba qozongan.
Biroq jamoa Afrika Millatlar Kubogi tarixida faqat bir marta — 1976-yilda chempionlikni qo‘lga kiritgan.
2025-yilgi Afrika Millatlar Kubogi 21-dekabrdan 18-yanvarga qadar davom etadi. Hozirga kelib, Marokash, Mali, Misr, Nigeriya, Jazoir va Janubiy Afrika terma jamoalari pley-off bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritgan.
Avvalroq, Marokash musobaqadan 1,2 milliard dollargacha daromad olishi kutilayotgani xabar qilingan edi.
Shuningdek, Marokash 2026-yilgi Jahon chempionatining “C” guruhidan joy olgan bo‘lib, guruh bosqichida Braziliya, Gaiti va Shotlandiyaga qarshi bahs olib boradi.








