AQSH Nigeriya shimoli-g‘arbida ISHID jangarilariga qarshi havo hujumlarini amalga oshirdi. Bu haqda prezident Donald Tramp xabar berdi.
“Bosh qo‘mondon sifatida mening ko‘rsatmam bilan Qo‘shma Shtatlar Nigeriyaning shimoli-g‘arbiy qismida ISHID terrorchilik to‘dasiga qarshi kuchli va halokatli zarba berdi”, deb yozdi Tramp o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘idagi postida.
Uning aytishicha, ISHID jangarilari “begunoh nasroniylarni nishonga olib, uzoq yillar, hatto asrlar davomida ko‘rilmagan darajada shafqatsizlarcha o‘ldirgan”.
“Men avval ham bu terrorchilarni agar ular nasroniylarni qirg‘in qilishni to‘xtatmasa, katta tovon to‘lashlaridan ogohlantirgan edim, bugun esa shunday bo‘ldi”, dedi AQSH rahbari.
Afrikadagi operatsiyalar uchun mas’ul bo‘lgan AQSH harbiylarining Afrika qo‘mondonligi (AFRICOM) havo hujumi “Nigeriya rasmiylarining iltimosiga ko‘ra” amalga oshirilgani va “ISHIDning ko‘plab terrorchilari” yo‘q qilinganini aytdi.
“Nigeriya hukumatining qo‘llab-quvvatlovi va hamkorligi uchun minnatdorman”, dedi AQSH Urush vazirligi rahbari Pit Hegset.
Bu harbiy harakat Trampning avvalroq Nigeriyada “nasroniylar o‘ldirilayotgani” sababli Pentagonga ehtimoliy harbiy choralarni rejalashtirishni buyurgani ortidan amalga oshirildi. Nigeriya hukumati Trampning ayblovlarini rad etib, qurolli guruhlar mamlakatdagi ham musulmon, ham nasroniy jamoalarni nishonga olayotganini ma’lum qildi.
Nigeriya Tashqi ishlar vazirligi AQSH zarbasi haqida e’lon qilganidan ko‘p o‘tmay, “terrorizm va zo‘ravon ekstremizmning doimiy tahdidiga qarshi kurashda xalqaro hamkorlar, jumladan, AQSH bilan xavfsizlik sohasida tizimli hamkorlik qilayotganini” tasdiqladi.
ISHID ekstremistik guruhi jahonning bir qator mamlakatlari va xalqaro tashkilotlar tomonidan “terrorchilik tashkiloti” deb topilgan.








