Daryo

2025-yilda tomoshabin va tanqidchilar e’tirofiga sazovor bo‘lgan doramalar (treyler)

Bu yil ekranlarga chiqqan doramalar orasida yurakni larzaga soladigan melodramalar, keskin trillerlar, ilhom baxsh etuvchi sport va tibbiy dramalar, shuningdek, tarix va fantastikani uyg‘unlashtirgan noodatiy syujetlar bor.

6 daqiqa o‘qish4 842 ko‘rishlar0 izoh2

2025-yil Osiyo seriallari ixlosmandlari uchun ayniqsa sermahsul va rang-barang bo‘ldi. Bu yil ekranlarga chiqqan doramalar orasida yurakni larzaga soladigan melodramalar, keskin trillerlar, ilhom baxsh etuvchi sport va tibbiy dramalar, shuningdek, tarix va fantastikani uyg‘unlashtirgan noodatiy syujetlar bor. Qahramonlar taqdiri orqali muhabbat, adolat, orzu, xiyonat va ichki kurash mavzulari ochib beriladi. 

“Hayot senga mandarin bersa” (2025)

  • IMDb - 9,1, “Kinopoisk” - 9,2
  • Janr: melodrama, drama
  • Ishlab chiqarilgan mamlakat: Koreya

Dorama voqealari 1951-yilda Jeju orolida boshlanadi. Bu yerda yosh Esun yashaydi, uning onasi marvarid teruvchi g‘avvos ayol. Ayol kam daromad topgani sababli oila muhtojlikda kun kechiradi. Esun kelajakda boy yigitga turmushga chiqib, Seulga ko‘chib o‘tishni va mashhur shoira bo‘lishni orzu qiladi. Ammo uning oshiqlari orasida faqat baliqchining o‘g‘li Gvanshik bor. Yoshlar birga ulg‘ayib, porloq kelajakka umid bog‘laydi. Biroq hayot doim ham o‘ylangandek kechmaydi. Ularni oldinda ko‘plab fojiali va g‘amgin, shu bilan birga baxtli va quvonchli lahzalar kutmoqda.

“O‘quv guruhi” (2025)

  • IMDb - 8,3, Kinopoisk - 8,3
  • Janr: o‘smirlar dramasi, komediya, jangari film.
  • Ishlab chiqarilgan mamlakat: Koreya.

Yun Kamin tirishqoq o‘quvchi bo‘lib, darsdan bosh ko‘tarmaydi. Biroq bu befoyda - qanchalik ko‘p shug‘ullanmasin, baribir eng past baholilar ro‘yxatida qolmoqda. U esa yaxshi universitetga kirishni juda xohlaydi... Bir kuni yigit tasodifan sinfdoshlarining Yusung maktabidagi abituriyentlar uchun tayyorlov kurslari haqida gaplashayotganini eshitib qoladi. Kamin o‘sha maktabga o‘tadi. Ammo bu joy bezorilar, ikki baholi va umuman tarbiyasi qiyin o‘smirlar uchun ta’lim muassasasi ekan. Bu yerda ham Kaminning baholari yaxshilanmaydi. Lekin yigit taslim bo‘lishni bilmaydi: u imtihonlarga tayyorgarlik ko‘rish uchun o‘quv guruhini tashkil etadi.

“Qadrli X” (2025)

  • IMDb — 8,1, "Kinopoisk" — 8,3
  • Janr: triller, drama.
  • Ishlab chiqarilgan mamlakat: Koreya

Pak Ajin nosog‘lom oilada dunyoga kelgan: onasi ichkilikka mukkasidan ketgan va qizni doimo kaltaklar, otasi esa bu holatlarga ko‘z yumib kelgan. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, mast holda zinapoyadan yiqilib, ayol halok bo‘lgach, vaziyat butunlay o‘zgargan. Ota Ajinni o‘z sevgilisi - boy ayolning uyiga olib kelgan, u yerda qizning tengdoshi bo‘lgan o‘g‘il ham yashaydi. Voyaga yetgach, Ajin mashhur aktrisa bo‘lib yetishadi. Biroq uning chiroyli tashqi ko‘rinishi va do‘stona tabassumi ortida mohir manipulyator yashiringanini ozchilik biladi. U o‘z maqsadlariga erishish uchun odamlarni qo‘g‘irchoqdek boshqaradi. Ma’lum bo‘lishicha, u bu qobiliyatini bolaligidanoq o‘gay onasi, otasi, yoqtirmagan o‘qituvchilari va sinfdoshlari bilan muammolarni hal qilishda ishlatgan ekan.

“Zolimning oshpazi” (2025)

  • IMDb – 8,0, Kinopoisk – 8,3
  • Janr: tarixiy fantastika, komediya.
  • Ishlab chiqarilgan mamlakat: Koreya.

Koreyalik Yon Jiyon professional oshpaz. U Fransiyadagi eng nufuzli oshpazlik musobaqasi “Oltin tova”da qatnashib, g‘oliblikni qo‘lga kiritadi. G‘alaba evaziga qiz uchta Mishlen yulduziga ega bo‘lgan mashhur restoranda bosh oshpaz lavozimini egallaydi. Koreyaga samolyotda qaytayotganda, u quyosh tutilishining guvohi bo‘ladi. Shu sababli samolyot turbulentlik zonasiga tushadi va Jiyon sehrli tarzda o‘tmishga – Choson sulolasi hukmronlik qilgan davrga ko‘chib o‘tadi. Taxtda imperator Yon Xigun o‘tiribdi. U tarixga zolim hukmdor va kutilmaganda haqiqiy taom ishqibozi sifatida kirgan. Jiyon o‘z mahorati bilan uni lol qoldirishga erishadi va imperator uni saroy bosh oshpazi etib tayinlaydi.

“Zukko ordinatorlar” (2025)

  • IMDb – 8,0, Kinopoisk – 8,4
  • Janr: tibbiy drama
  • Ishlab chiqarilgan mamlakat: Koreya

Ushbu drama mashhur koreys tibbiy seriali “Zukko shifokorlar”ning spin-offi hisoblanadi. Originalida bosh qahramonlar tajribali mutaxassislar bo‘lgan bo‘lsa, bu yerda tomoshabinlar yangi ordinatorlarning hayotini kuzatadilar. Bosh qahramon O Iyon tibbiyot fakultetini bitirgan, ordinaturani o‘tagan, ammo kasbi bo‘yicha ishlamaydi. Biroq bank shart qo‘yganda - yo ishga joylashganlik haqida ma’lumotnoma keltiradi va unga tekshiruv yuboriladi - qiz kasalxonaga qaytishga majbur bo‘ladi. Endi Iyon akusher-ginekologiya bo‘limida ordinator. Bu yerda u eski tanishlari va yangi hamkasblari bilan uchrashadi.

“Biz mo‘jizalar yaratamiz” (2025)

  • IMDb - 7,9, "Kinopoisk" - 8,4
  • Janr: sport dramasi, komediya.
  • Ishlab chiqarilgan mamlakat: Koreya.

2022-yil. Regbi bo‘yicha Osiyo kubogi finalida Koreya terma jamoasi yaponiyalik sportchilar bilan chempionlik uchun kurashmoqda. Hamma Koreya regbisining faxri bo‘lgan Chu Garamga umid qilgan. G‘alaba koreyslarga nasib etay deb turganida, Garamni dopingdan foydalanishda ayblashadi. U jamoadan chetlashtiriladi. Ishsiz qolmaslik va obro‘sini tiklash uchun qahramon o‘zi bir paytlar ta’lim olgan maktabga regbi murabbiyi sifatida ishga joylashadi. Bu yerdagi jamoa kuchsiz, o‘yinchilar inoq emas, har birining o‘ziga xos g‘alati jihatlari bor. Boshqa yo‘nalishlar rahbarlari jamoaning tarqatib yuborilishini va byudjetni bo‘lib olishni kutib o‘tirishibdi. Ammo Garamning yosh sportchilarni yetaklaydigan va g‘alabaga olib boradigan o‘ziga xos ijodiy yondashuvi bor.

“Karaxt shahar” (2025)

  • IMDb — 7,9, "Kinopoisk" — 8,2
  • Janr: jinoyat trilleri, harakat filmi.
  • Ishlab chiqargan mamlakat: Koreya.

Tejun kuryerlik qiladi. U mehribon yigit bo‘lib, o‘z qahvaxonasini ochishni orzu qiladi. Hozir esa ko‘p ishlaydi va ukasiga g‘amxo‘rlik qiladi. Biroq bir kuni hammasi o‘zgaradi: Tejunni zo‘rlash va qotillikda ayblashadi. Dalillar soxtalashtirilgan, ammo unga umrbod qamoq jazosi tayinlanadi. Qamoqxonada yigitni xo‘rlashadi, ammo u o‘zini himoya qilishni o‘rganadi. Asta-sekin yosh yigit o‘zining Haykaltarosh deb ataluvchi juda ta’sirli shaxsning qurboni bo‘lganini anglab yetadi. Bu shaxs boshqalarning taqdiri bilan o‘ynashni va ularning hayotini san’at asariga aylantirishni yaxshi ko‘radi. Tejunning qalbi toshga aylangan, endi u o‘ch olish uchun hamma narsaga tayyor.

“Eskvayr” (2025)

  • IMDb - 7,9, "Kinopoisk" - 8,2.
  • Janr: protsessual drama.
  • Ishlab chiqarilgan mamlakat: Koreya.

Kan Xyomin huquqshunoslik fakultetini tugatib, talabalik davrida Seul mutaxassislari orasida tan olinadi. Yulim firmasidagi suhbatda ozgina noqulaylik yuz bersa-da, qiz baribir kichik huquqshunos lavozimini qo‘lga kiritadi. Kompaniya qoidalariga ko‘ra, har bir yangi xodim o‘zi ishlaydigan bo‘limni tanlash huquqiga ega. Xyomin ko‘plab bo‘limlar aynan uni o‘z saflariga qo‘shishni istayotganidan bexabar. Korporativ huquq bo‘limi eng maqbul hisoblanishiga qaramay, qiz hammani hayratga solib, ayniqsa ko‘p mehnat talab qiladigan sud bo‘limini tanlaydi. Uning ustozi o‘z sohasining eng mohir mutaxassisi hisoblangan qat’iyatli va tamoyilli Sok Xunu bo‘ladi.

“To‘qqiz jumboq” (2025)

  • IMDb – 7,7, Kinopoisk – 8,0
  • Janr: triller, detektiv
  • Ishlab chiqarilgan mamlakat: Koreya

Yomg‘irli kechalarning birida maktab o‘quvchisi Cho Ina uyiga qaytib, amakisini o‘lik holda ko‘radi - kimdir uning bo‘yniga buragich sanchib qo‘ygan. Jinoyatchi murda yonida boshqotirma qoldirgan. Tergovni detektiv Kim Xanem olib boradi. Ish bo‘yicha asosiy gumondor Ina bo‘ladi: joyda boshqa barmoq izlari yo‘q. Biroq dalillar yetishmagani sababli qizni qo‘yib yuborishadi. O‘n yil o‘tgach, qahramonimiz profayler sifatida ishlab, jinoyatchilarning sabablarini aniqlaydi. Shaharda yana qotilliklar sodir bo‘lib, qurbonlar yonida boshqotirmalar topila boshlagach, Inani tergovga jalb qilishadi. 

“O‘n ikki maktub” (2025)

  • IMDb - 8,6
  • Janr: melodrama, fantastika, triller.
  • Chiqarilgan mamlakat: Xitoy.

Dorama voqealari ikki vaqt oralig‘ida - 1991 va 2026-yillarda kechadi. 1991-yilda maktab o‘quvchisi Ye Xay Tan (uni qimorboz otasi kaltaklaydi) bunday hayotdan charchab, barchasiga chek qo‘ymoqchi bo‘ladi. So‘nggi bor u 19 yoshli o‘ziga xat yuborishga ahd qiladi, ammo pochta qutisi vaqt mashinasiga aylanib qoladi. Maktub 2026-yilda Yu Nan ismli qizning qo‘liga tushadi. U Ye Xay Tan bilan sinfdoshi bo‘lgan bolaning qizi ekan. Bir necha soat oldin otasi, uning ortidan esa keksaygan Ye Xay Tan izsiz g‘oyib bo‘lgan. Yu Nan o‘g‘li bilan birgalikda ota-onalarini o‘tmishda nima bog‘laganini va ularga qanday yordam berish mumkinligini aniqlashga kirishadi.

Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumanida tug‘ilganman. Hozirda Alisher Navoiy nomidagi davlat Adabiyot muzeyida tayanch doktorantura (PhD)da o‘qiyman. “Daryo”da 2018-yildan beri musahhih va muxbir lavozimida ishlayman. Sevib o‘qiydigan kitoblarim juda ham ko‘p: Nodar Dumbadze “Abadiyat qonuni”, Harper Li “Mazaxchining o‘ldirilishi”, Gabriel Garsia Markes “Yolg‘izlikning yuz yili”, Chingiz Aytmatov “Kassandra tamg‘asi”, Mixail Bulgakov “Usta va Margarita”, O‘tkir Hoshimov “Ikki eshik orasi”, Ulug‘bek Hamdam “Sabo va Samandar”... Sevimli filmlarim ham turli janrda: DiKaprio ishtirokidagi “Ibtido” va “La’natlanganlar oroli”, “Shoushenkdan qochish”, “Yo‘-yo‘l pijamali bolakay”, “Ameli”, “Qotillikni xotirlab”. Bundan tashqari, Hayao Miyazakining animelari jon-u dilim.

Telegram kanal@daryo_lotinObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar