Daryo

Yangi premyeralar: 2026-yilda ekranlarga qaytishi kutilayotgan mashhur koreys aktyorlari

Yangi yil doimo yaxshi va yoqimli narsalarni kutish pallasi hisoblanadi. Misol uchun, 2026-yilda koreys seriallari muxlislari ko‘plab mashhur aktyor va aktrisalarning ekranlarga qaytishini intizorlik bilan kutmoqda.

5 daqiqa o‘qish5 473 ko‘rishlar0 izoh3

Yangi yil doimo yaxshi va yoqimli narsalarni kutish pallasi hisoblanadi. Misol uchun, 2026-yilda koreys seriallari muxlislari ko‘plab mashhur aktyor va aktrisalarning ekranlarga qaytishini intizorlik bilan kutmoqda. Quyida siz uchun yangi yilda yangi doramalar bilan qaytadigan eng yorqin koreys yulduzlarini jamladik.

Kim Son Xo

2021-yilda aktyor Kim Son Xoning karyerasi rivojlandi, u “Startap” va “Dengiz bo‘yidagi shaharda Cha-cha-cha” seriallaridagi rollari bilan ko‘plab tomoshabinlarning ko‘nglini zabt etdi. Biroq oktyabr oyida u janjal markaziga tushib qoldi, chunki sobiq sevgilisi uni abortga majburlashda va keyinchalik telefon orqali munosabatlarni uzishda aybladi. Bir necha kundan so‘ng Kim Son Xo agentligi orqali bayonot berib, sobiq sevgilisi bilan munosabatlarda yetarlicha e’tiborli va ehtiyotkor bo‘lmaganini tan oldi. Aktyor undan uzr so‘radi va shu bilan birga, abort haqidagi qaror bosim ostida emas, balki birgalikda qabul qilingani haqida dalillar keltirdi. Shunday bo‘lsa-da, Kim Son Xoning karyerasida sezilarli pasayish yuz berdi. So‘nggi besh yil ichida u “Merosxo‘r” filmida, “Zolim” serialida va “Hayot senga mandarin berganda” filmida ikkinchi darajali rol ijro etdi.

Ким Сон Хо (Kim Seon-Ho, 김선호) - актёр - фотографии - азиатские актёры -  Кино-Театр.Ру

Qisqa vaqt ichida ommaning sevimlisiga aylanib, keyin deyarli hamma narsasini yo‘qotgan Kim Son Xo asta-sekin ekranlarga qaytmoqda va 2026-yil uning uchun hal qiluvchi yil bo‘ladi. Aktyor mashhur koreys ssenariynavislar — opa-singil Xonlarning “Muhabbatni tarjima qilsa bo‘ladimi?” nomli yangi serialida bosh rolni ijro etadi. Bu tarjimon Chju Xo Chjin va uni ishga yollagan mashhur aktrisa Cha Mu Hining sevgi qissasi haqidagi yirik va kutilayotgan loyihadir. Serialning muvaffaqiyati Kim Son Xoning sohaga to‘laqonli qaytishi uchun poydevor bo‘lishi kerak. Shu bilan birga, yirik loyihada bosh rolga shov-shuvli aktyorning tanlanishi koreys ijtimoiy tarmoqlarida qizg‘in bahslar va tanqidlarga sabab bo‘ldi. “Muhabbatni tarjima qilsa bo‘ladimi?” premyerasi 16-yanvar kuni bo‘lib o‘tadi.

Shin Xe Son

Aktrisa Shin Xe Sonning aktyorlik debyuti 2012-yilda “Maktab” serialida bo‘lgan, unda u maktab o‘quvchisi rolini ijro etgan. Aktrisaga dastlabki sezilarli shuhratni “Besh farzand” va “30, ammo 17” seriallaridagi rollari keltirgan. Keyinchalik u “Farishtaning so‘nggi vazifasi: Muhabbat” serialida ko‘zi ojiz balerina rolini mahorat bilan ijro etib, tomoshabinlarni lol qoldirgan. 2020-yilda esa mashhur “Chorin qirolichasi” komedik serialida zamonaviy koreyalik oshpazning ruhi kirib qolgan qirolicha obrazini ajoyib tarzda gavdalantirgan. Shin Xe Son so‘nggi marta 2024-yilda “Mening Xe-rim” serialida dissotsiativ shaxsiyat buzilishidan aziyat chekayotgan teleboshlovchi Chu In Xo rolida namoyon bo‘lgan.

Королева Чорин (Cheorin wanghu), сериал 2020-2021, 1 сезон - кадры,  трейлеры, смотреть онлайн, актеры, фото и видео

2026-yilda aktrisa bir vaqtning o‘zida ikkita yangi loyiha bilan ekranlarga qaytishi kutilmoqda. “Sara san’ati” nomli detektiv trillerda u moda olamida tanilgan, yashirin hayot kechiradigan va tajribali detektiv Pak Mu Gyon tomonidan ochilishi lozim bo‘lgan qotillik qurboni Sara Kim rolini o‘ynaydi. Loyihaning premyerasi fevral oyiga rejalashtirilgan. “Maxfiy audit” romantik komediyasida esa Shin Xe Son o‘zining mukammalligi bilan mashhur va ishda murosasiz bo‘lgan audit bo‘limi boshlig‘i Ju In A rolini ijro etadi. Serial aprel oyida efirga uzatilishi kutilmoqda.

Pyon U Sok

Pyon U Sok 20 yoshidan boshlab modellik qilgan va aktyorlik saboqlarini olgan. U 100 dan ortiq sinovdan o‘ta olmaydi, biroq 26 yoshida “Qadrli do‘stlarim” filmida ilk rolini ijro etdi. Uning karyerasini yorqin va shiddatli deb bo‘lmaydi, debyutidan so‘ng “Qizil yurak” yoki “Og‘ir atletika parisi” kabi turli loyihalarda epizodik rollarda qatnashdi. Pyon U Sok birinchi bor 2019-yilda “Gul jamoasi: Choson nikoh agentligi” tarixiy dramasida bosh rolni ijro etgach, tanildi. Shundan keyin u “Oy nuri”, “Yoshlar hikoyalari” dramalarida, “XX asr qizi” filmlarida bosh rollarni o‘ynadi. 2024-yilda aktyorning karyerasi “Son Jeni olib qoch” romantik doramasidagi bosh roldan so‘ng keskin yuqoriladi. O‘tmishga tushib qolgan muxlisi qutqarishga urinayotgan mashhur musiqachi Ryu Son Je obrazi Pyon U Sokni haqiqiy superyulduzga aylantirdi. Uning muxlislari soni bir necha barobar oshdi, shuningdek, yangi loyihalarda suratga tushish takliflari ham ko‘paydi.

Хватай Сон Джэ и беги (мини-сериал, 2024)

2026-yilda barcha tomoshabinlar nihoyat Pyon U Sokning ekranlarga qaytishini ko‘rishlari mumkin. U “XXI asr shahzodasining rafiqasi” doramasida bosh rolni ijro etadi. Loyiha syujeti konstitutsiyaviy monarxiya amal qiladigan zamonaviy Janubiy Koreyaning muqobil versiyasida rivojlanadi. Pyon U Sok valiahd shahzoda soyasida yashovchi qirollik oilasining ikkinchi o‘g‘li Li An rolini o‘ynaydi. Ammo uning hayoti boy oilaning merosxo‘ri Son Xi Ju bilan uchrashgandan so‘ng o‘zgara boshlaydi. Son Xi Ju rolini Ayyu (Li Ji-in) ijro etadi. “XXI asr shahzodasining rafiqasi” — yilning eng kutilgan doramalaridan biri, biroq birinchi treyler chiqqandan so‘ng Pyon U Sok aktyorlik ijrosi uchun tanqidga uchradi. Aktyor superyulduz maqomini saqlab qoladimi yoki yo‘qmi, 2026-yilning birinchi yarmida bilib olamiz.

Kim Ji  Von

Aktrisa Kim Ji Von 2008-yildan boshlab reklamalarda suratga tusha boshlagan. 2011-yilda u “Qattiq zarba!” nomli komedik dramadagi yorqin roli bilan tomoshabinlarning e’tiborini tortdi. Keyinchalik “Qanday?”, “Siz uchun hamma rangda”, “Sevgini kutib” doramalarida bosh va mashhur “Merosxo‘rlar” dramasida ikkinchi darajali rolni ijro etdi. Ammo uning karyerasidagi haqiqiy yuksalish “Quyosh avlodlari” dramasidagi asosiy rollardan biridan keyin bo‘ldi. Shundan so‘ng “Muvaffaqiyatga erishasanmi”, “Asdal solnomalari”, “Katta shahardagi muhabbat” asarlari paydo bo‘ldi. 2024-yilda Kim Ji Von tvN kanalining butun tarixi davomidagi eng mashhur loyihasi bo‘lgan “Ko‘z yoshlar malikasi” dramasida bosh rolni ijro etdi. Shundan so‘ng aktrisa eng mashhur va talabgir koreys aktrisalaridan biri maqomida mustahkam o‘rnashdi.

2026-yilning ikkinchi yarmida Kim Ji Von ishtirokidagi “Doktor Iks” doramasi premyerasi bo‘lib o‘tishi kutilmoqda. Aktrisa kichik universitet shifoxonasiga ishga joylashgan iste’dodli jarroh Gu Se on rolini ijro etadi. U yerda nafaqat bemorlarning hayoti uchun kurashishi, balki o‘zining murosasizligi va qat’iyati bilan shifoxonaga tahdid solayotgan korrupsiyaga qarshi kurashishi kerakligini tez orada anglaydi.

 Ha Ji Von 

Aktrisa Ha Ji Vonga dastlabki shuhratni 2002-yildagi “Telefon” nomli dahshatli film keltirdi. Keyingi o‘n yil ichida Ha Ji Von “Bali xotirasi” “Sirli bog‘”, “Ikki yurak saltanati” va “Qirolicha Ki” kabi dramalardagi bosh rollaridan so‘ng haqiqiy yulduzga aylandi. Keyinchalik aktrisa “Shokolad”, “Suzuvchi shifoxona” yoki “Garov” oilaviy filmi kabi asarlarda muntazam ravishda ekranlarda ko‘rinishda davom etdi. Biroq so‘nggi besh yil davomida Ha Ji Von ko‘proq vaqtini shaxsiy hayotiga ajratmoqda. Uning so‘nggi ishi 2022-yilgi “Ta’zim” doramasi bo‘ldi.

2026-yilda to‘rt yillik tanaffusdan so‘ng aktrisa “Cho‘qqi” nomli jinoyat trillerida kichik ekranlarga qaytadi. Ha Ji Von prokuror Ban Te Sopga turmushga chiqqan, Janubiy Koreyaning eng mashhur aktrisasi Chu San A rolini ijro etadi. Ban Te Sop hokimiyat cho‘qqisiga intiladi va Chu San A uni bu yo‘lda qo‘llab-quvvatlaydi, ammo ularning ko‘ngillaridagi orzulari nikoh va hayotlari uchun halokatli bo‘lishi mumkin. Dorama premyerasi mart oyining o‘rtalarida bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.

Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumanida tug‘ilganman. Hozirda Alisher Navoiy nomidagi davlat Adabiyot muzeyida tayanch doktorantura (PhD)da o‘qiyman. “Daryo”da 2018-yildan beri musahhih va muxbir lavozimida ishlayman. Sevib o‘qiydigan kitoblarim juda ham ko‘p: Nodar Dumbadze “Abadiyat qonuni”, Harper Li “Mazaxchining o‘ldirilishi”, Gabriel Garsia Markes “Yolg‘izlikning yuz yili”, Chingiz Aytmatov “Kassandra tamg‘asi”, Mixail Bulgakov “Usta va Margarita”, O‘tkir Hoshimov “Ikki eshik orasi”, Ulug‘bek Hamdam “Sabo va Samandar”... Sevimli filmlarim ham turli janrda: DiKaprio ishtirokidagi “Ibtido” va “La’natlanganlar oroli”, “Shoushenkdan qochish”, “Yo‘-yo‘l pijamali bolakay”, “Ameli”, “Qotillikni xotirlab”. Bundan tashqari, Hayao Miyazakining animelari jon-u dilim.

Telegram kanal@daryo_lotinObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar