Daryo

Kutilayotgan premyeralar va aktyorlarning yangi obrazlari — koreys kinosi yangiliklari

Aktrisa Shin Xe Son muxlislarini xursand qilishga tayyorlanmoqda. Netflix tomonidan taqdim etilayotgan “Sara san’ati” detektiv dramasida u Koreya moda sanoatining yulduzi, sirli ravishda o‘ldirilgan Sara Kim obrazini gavdalantiradi.

3 daqiqa o‘qish4 742 ko‘rishlar0 izoh0

Koreys kino sanoatida yanvar oyi yirik loyihalar premyerasi va taniqli aktyorlarning faoliyatidagi murakkabliklar haqidagi iqrorlari bilan boshlandi. Quyida o‘tgan hafta davomida koreys kinosi bilan bog‘liq asosiy voqealar va muhim yangiliklar jamlanmasini havola etamiz.

1. Chi Son va “Sudya Li Xan Yon” serialining muvaffaqiyati

Foto: Kp.ru

2026-yilning ilk yirik loyihasi “Sudya Li Xan Yon” fantastik dramasi tomoshabinlar e’tiborini jalb etishda davom etmoqda. Mashhur aktyor Chi Sonning yangi seriali ilk qismlardanoq muvaffaqiyat qozonib, reytinglarda barqaror o‘smoqda. Nielsen Korea agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 16-yanvar kuni efirga uzatilgan 5-qism mamlakat bo‘yicha o‘rtacha 10 foizlik dovonni zabt etdi. Bu avvalgi epizodga nisbatan qariyb ikki baravar yuqori ko‘rsatkichdir.

2. Pak Min Yon va Vi Xa Jun ishtirokidagi yangi romantik triller

Foto: Kp.ru

13-yanvar kuni tvN telekanali “Sirena” doramasining premyera sanasini ma’lum qildi. Loyiha aksiyalar uyi rahbari Xan Sola (Pak Min Yon) va firibgarlikka qarshi kurash bo‘limi inspektori Cha U Sok (Vi Xa Jun) o‘rtasidagi murakkab munosabatlarga haqida bo‘lib, syujet markazida Xan Solaning qorong‘i siri yotadi: u bilan munosabatda bo‘lgan barcha erkaklar sirli ravishda halok bo‘ladi.

Serialga mashhur “Yovuzlik guli” trilleri rejissyori Kim Chxol Gyu boshchilik qilmoqda. “Sirena” premyerasi joriy yilning 2-martiga belgilangan.

3. Shin Xe Sonning detektiv janrida qaytishi

Foto: Kp.ru

Aktrisa Shin Xe Son ham muxlislarini xursand qilishga tayyorlanmoqda. Netflix tomonidan taqdim etilayotgan “Sara san’ati” detektiv dramasida u Koreya moda sanoatining yulduzi, sirli ravishda o‘ldirilgan Sara Kim obrazini gavdalantiradi. Jinoyatni tergov qilish vazifasi tajribali detektiv Pak Mu Gyong (Li Jun Hyok) zimmasiga yuklatiladi.

Bundan avval Shin Xe Son va Li Jun Hyok 2017-yilda “Notanish” serialida hamkorlik qilishgan edi. 8 qismdan iborat yangi loyiha 13-fevral kuni Netflix platformasida to‘liq namoyish etiladi.

4. Kim Son Xo karyerasidagi murakkab vaziyatlar haqidagi iqrorlari

Foto: Kp.ru

16-yanvar kuni premyerasi bo‘lib o‘tgan “Sevgini tarjima qilish mumkinmi?” romantik dramasi aktyor Kim Son Xo uchun murakkab loyiha bo‘ldi. Bu aktyorning 2021-yildagi shaxsiy hayoti bilan bog‘liq mojarolardan so‘ng katta ekranga ilk qaytishidir.

Tarjimon Ju Xo Jin rolini ijro etish uchun aktyor birdaniga uchta tilni — yapon, italyan va ingliz tillarini o‘zlashtirishiga to‘g‘ri keldi. Matbuot anjumanida Kim Son Xo bu jarayon hatto murakkab jangovar sahnalardan ham og‘irroq bo‘lganini aytdi. U tillar o‘rtasidagi tezkor o‘tishlar sababli suratga olish maydonchasida hatto o‘z ona tili bo‘lgan koreys tilida ham adashib ketganini kulgi bilan esladi.

5. Kim Xe Yunning mashhurlikka qadar bosib o‘tgan murakkab yo‘li

Foto: Kp.ru

Yangi “Bugundan boshlab inson” dramasi yulduzi Kim Xe Yun o‘z intervyusida aktyorlik karyerasining og‘ir yillari haqida samimiy so‘zlab berdi. Aktrisa 17 yoshidan boshlab kuniga uchtagacha kastingda qatnashgan, biroq doimiy rad javoblarini olgan. Uning bo‘yi (158 sm) va tajribasizligi ko‘plab tanqidlarga sabab bo‘lgan.

Deyarli yetti yil davomida Kim Xe Yun faqat epizodik rollarda o‘ynagan va suratga olish maydoniga jamoat transportida borib, o‘z navbatini 9 soatlab sovuqda kutgan. Aktrisa uchun eng katta qo‘rquv kichik rol bo‘lsa-da, kadrda uni qirqib tashlashlari bo‘lgan. Bugun u “Son Jeni ushla va qoch” kabi hit loyihalar yulduzi sifatida yangi fantastik serialda 400 yoshli kumixo rolini ijro etmoqda.

6. Netflix’dan yangi loyiha

Foto: Kp.ru

Netflix kriminal janrdagi yangi “Diler” seriali ustida ish boshlaganini tasdiqladi. Asar markazida kazino dileri Gon Xva (Cho So Min) va qimorboz Xvan Chi Su (Ryu Sin Bom) sarguzashtlari yotadi.

Shuningdek, loyihada sovuqqon kazino o‘yinchisi rolida Li Su Yok va detektiv obrazida Ryu Kyongsu namoyon bo‘ladi. Serial hozirda suratga olishning dastlabki bosqichida bo‘lib, premyera taxminan 2027-yilga mo‘ljallangan.

Soliyeva Sevaraxon Akram qizi. 1996-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2018-yilda O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining Tarjima nazariyasi va amaliyoti yo‘nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_lotinObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar