Daryo

Shavkat Mirziyoyev Donald Trampni Oʻzbekistonga taklif qildi

Yetakchilarning telefon orqali muloqoti boʻlib oʻtdi. Davlat rahbari suhbat avvalida AQSH prezidentini yaqinlashib kelayotgan yangi yil bayrami bilan tabriklab, doʻst Amerika xalqiga tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va ravnaq tiladi.

2 daqiqa o‘qish5 792 ko‘rishlar0 izoh10

Prezident Shavkat Mirziyoyev va Amerika Qoʻshma Shtatlari prezidenti Donald Trampning telefon orqali muloqoti boʻlib oʻtdi.

Davlat rahbari suhbat avvalida AQSH prezidentini yaqinlashib kelayotgan yangi yil bayrami bilan tabriklab, doʻst Amerika xalqiga tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va ravnaq tiladi. Donald Tramp, oʻz navbatida, Oʻzbekiston yetakchisi va xalqiga oʻzining hamda AQSH xalqining samimiy salomi hamda tabriklarini yoʻllab, yangi yilda baxt-saodat, muvaffaqiyatlar va yangi zafarlar tiladi.

Prezidentlar oliy darajada erishilgan kelishuvlar ijrosining borishini, shuningdek, Oʻzbekiston – AQSH strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish istiqbollarini batafsil koʻrib chiqdilar. Davlat rahbari Donald Trampning joriy yilda ichki va tashqi siyosatda erishgan muvaffaqiyatlariga yuksak baho berib, uning oʻtkir xalqaro inqirozlar va mojarolarni hal etish borasidagi samarali saʼy-harakatlarini alohida taʼkidladi.

Ikki tomonlama siyosiy muloqot va almashinuvlar, ayniqsa, yetakchilar darajasida faollashib, mamlakatlar oʻrtasidagi strategik sheriklikni rivojlantirishda yangi bosqichni boshlab bergani va uni aniq mazmun bilan boyitgani qayd etildi. Fuqaro aviatsiyasi, avtosanoat, togʻ-kon sanoati, qishloq xoʻjaligi, infratuzilma, energetika va kimyo, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va boshqa sohalarda oʻnlab milliard dollarlik qoʻshma loyihalar amalga oshirilmoqda.

Amaldagi loyiha va dasturlarni samarali ilgari surish hamda yangilarini ishlab chiqish maqsadida Amerika – Oʻzbekiston ishbilarmonlar va investitsiyalar kengashi tashkil etildi. Qoʻshma Investitsiya fondini taʼsis etish boʻyicha faol ish olib borilmoqda. Hududlar oʻrtasidagi hamkorlikning yangi mexanizmi ishga tushirildi. Oʻzbekistonning uchta viloyati delegatsiyalari Amerika shtatlari bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish uchun ushbu mamlakatda boʻldi.

Xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik masalalarga alohida eʼtibor qaratildi. Shu maʼnoda, koʻp tomonlama hamkorlik, jumladan, “С5+1” formatining ahamiyati taʼkidlandi. Suhbat yakunida tomonlar oliy darajadagi faol muloqotlarni davom ettirish niyatini tasdiqladi hamda amaliy hamkorlik boʻyicha qoʻshma tashabbus va dasturlarni ilgari surishga kelishib oldi.

Oʻzbekiston prezidenti Amerika yetakchisini oʻzi uchun qulay muddatda mamlakatga tashrif bilan kelishga taklif etdi.

AQSh prezidenti Shavkat Mirziyoyevni G20 sammitiga taklif qildi. Donald Tramp kelasi yili Mayami shahrida bo‘lib o‘tadigan G20 sammitiga O‘zbekiston va Qozog‘iston rahbarlarini faxriy mehmon sifatida taklif etishini bildirib o‘tdi.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar