AQSHni 31-dekabrgacha o‘z ixtiyori bilan tark etadigan noqonuniy migrantlarga beriladigan to‘lov 3 ming dollargacha oshiriladi. Bu haqda mamlakat ichki xavfsizlik vaziri Kristi Noem ma’lum qildi.
AQSHni mustaqil ravishda tark etishni tanlagan noqonuniy migrantlar hibsga olinmaydi. Shuningdek, ular kelajakda Qo‘shma Shtatlarga qonuniy asosda kirish imkoniyatini saqlab qoladi. Buning uchun migrantlar CBP Home ilovasi orqali deportatsiya jarayonini mustaqil ravishda tashkillashtiradi.
Vataniga qaytgani tasdiqlangan shaxslarga 1 ming dollar to‘lab kelinayotgan edi. Oktyabr oyigacha 1,6 million migrant shu tartibda AQSHni tark etgan. Endilikda esa yangi yilga qadar to‘lov miqdori 3 ming dollarga oshiriladi.
Hozirda AQSHda noqonuniy muhojirni aniqlash, hibsga olish va mamlakatdan chiqarib yuborishning o‘rtacha qiymati 17 ming dollarni tashkil etadi. Shu bois “o‘zini deportatsiya qilish” hukumat uchun muqobil va iqtisodiy jihatdan maqbul variant sifatida baholanmoqda.“Noqonuniy muhojirlar bu sovg‘adan foydalanishi va o‘zlarini deportatsiya qilishi kerak, aks holda biz ularni topamiz, hibsga olamiz va ular hech qachon qaytib kela olmaydi”, dedi Kristi Noem.








