Daryo

Janubiy Afrikada qurollangan shaxslar barga hujum qilib, 9 kishini o‘ldirdi

Hujumdan so‘ng jinoyatchilar qurbonlarni tintib, telefon va boshqa qimmatbaho buyumlarini olib ketgan. Politsiya ularni qo‘lga olish uchun keng ko‘lamli qidiruv ishlarini boshlagan.

1 daqiqa o‘qish3 630 ko‘rishlar0 izoh0

Noma’lum qurollangan shaxslar Janubiy Afrika Respublikasining Yoxannesburg shahri yaqinida joylashgan posyolkada tinch aholiga hujum qilib, kamida 9 kishini o‘ldirdi, yana 10 kishi jarohatlandi. Huquq-tartibot idoralariga ko‘ra, qurbonlarning ayrimlari ko‘chadan o‘tib ketayotgan tasodifiy yo‘lovchilar bo‘lgan.

Politsiya bayonot berib, voqea yakshanbaga o‘tar kechasi soat 01:00 atrofida sodir bo‘lganini ma’lum qildi. Hozirda Gauteng viloyatining og‘ir jinoyatlar bo‘yicha bo‘linmalari jinoyatchilarni qo‘lga olish uchun keng ko‘lamli qidiruv ishlarini boshlagan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, oq rangli mikroavtobus va kumush rangli yengil avtomobilda harakatlangan taxminan 12 kishi jamoat bariga kirib, mijozlarni nishonga olgan. So‘ng voqea joyidan qochish paytida ham atrofdagilarga qarata tartibsiz o‘q uzishgan. Shundan keyin jarohatlanganlar shifoxonaga yetkazilgan. Politsiya hujum sabablari hozircha noma’lum ekanini bildirdi.

Foto: Voqea joyida olingan surat
Foto: Emmanuel Croset

Janubiy Afrikaning SABC teleradiokompaniyasi hujumchilar nafaqat bar mijozlari, balki tashqaridagilarni ham nishonga olganini tasdiqladi. Gauteng viloyati politsiyasi rahbarining aytishicha, hujumdan so‘ng jinoyatchilar qurbonlarni tintib, telefon va boshqa qimmatbaho buyumlarini olib ketishgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, uch kishi bar ichida, qolganlar esa qochishga uringan paytda otib tashlangan.

So‘nggi yillarda Janubiy Afrikadagi bar va shu kabi muassasalarda ommaviy otishmalar bir necha bor sodir bo‘lgan. Xususan, joriy oy boshida Pretoriya yaqinida sodir bo‘lgan hujumda 12 kishi, jumladan uch yoshli bola halok bo‘lgan edi. Umuman olganda, 2024-yili mamlakatda qariyb 26 mingta qotillik qayd etilgan. Bu har kuni o‘rtacha 70 nafardan ortiq odam shu kabi jinoyatlar qurboni bo‘lganini anglatadi.

Andijonlikman, Toshkentda yashayman. Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetini tamomlaganman. “Daryo” tahririyatida 2024-yil noyabr oyidan buyon muxbir sifatida ishlayman va siyosiy, ijtimoiy hamda harbiy yoʻnalishlarga ixtisoslashgan materiallar tayyorlayman. “If qaʼlasining mahbusi” filmini miriqib tomosha qilaman. Lev Tolstoyning asarlarini, ayniqsa, “Urush va tinchlik”ni yoqtiraman.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar