Fransiyaning “Lans” klubi prezidenti Jozef-Mari Ugurlyan “Manchester Siti” prezidenti bilan bog‘lanib, Abduqodir Husanovni yarim yilga ijara asosida olish masalasini muhokama qilgan. Bu haqda jurnalist Narzulla Sa’dullayev o‘zining Telegram-kanalida xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, Fransiya chempionatida yetakchilik qilayotgan “Lans” rahbariyati Abduqodir Husanov “PSJ” bilan kechayotgan chempionlik kurashida jamoaga foyda keltira oladi, deb hisoblagan. Ammo “Manchester Siti” tomoni futbolchini ijaraga berish imkoni yo‘qligini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, Abduqodir Husanov uchun “Lans” begona emas. Futbolchi 2023-yilning yozidan 2024-yilning oxiriga qadar fransuz klubi sharafini himoya qilgan. U ushbu vaqt davomida jami 31 ta o‘yinda maydonga tushib, bir marta golli uzatma amalga oshirgan. 2025-yilning yanvar oyida “Lans”dan “Manchester Siti” klubiga o‘tgandi. “Shaharliklar” o‘zbekistonlik himoyachining transfer uchun 40 million yevro to‘lagan. Futbolchining ingliz klubi bilan shatnomasi 2029-yilning yoziga qadar amal qiladi.
Ma’lumot uchun, Husanov joriy mavsum “Manchester Siti” safida jami 8 ta uchrashuvda maydonga tushgan. Transfermarkt portali himoyachining qiymatini 35 million yevroga baholamoqda.
Avvalroq Abduqodir Husanovga Angliya Premyer Ligasining boshqa bir klubi “Liverpul” ham qiziqish bildirayotgani haqida xabarlar tarqalgandi. Agar “Manchester Siti” himoyachining transferi uchun 47 million funt sterlingdan yuqori narx talab qilmasa, muzokara boshlashga tayyor ekanligi aytilgandi.








