Daryo

Pokistonda ISHIDning asosiy targ‘ibotchisi qo‘lga olindi

Tashkilotning matbuot kotibi bo‘lgan Sulton Aziz Azzam yangi a’zolarni jalb qilish va ekstremistik g‘oyalarni yoyishda asosiy rol o‘ynar edi.

1 daqiqa o‘qish4 648 ko‘rishlar0 izoh3

Pokiston harbiy razvedkasi Afg‘oniston va Pokiston chegarasida ISHID-Xuroson guruhining muhim a’zosi va matbuot kotibi Sulton Aziz Azzamni qo‘lga oldi. Bu haqda Afghanistan International xabar berdi.

18-dekabr kuni ma’lum qilinishicha, operatsiya aslida bir necha oy avval, ya’ni, may oyida o‘tkazilgan. Azzam Pokiston hududiga kirib kelayotgan vaqtda ushlangan. Pokiston hukumati ushbu hibs haqida BMT Xavfsizlik kengashini xabardor qilgan va bu ma’lumot kengashning yangi hisobotiga ham kiritilgan.

Guruhdagi o‘rni

Pokiston xavfsizlik manbalari Sulton Aziz Azzamni “ISHID-Xuroson guruhida ikkinchi raqamli shaxs va tashkilotning media departamenti uchun asosiy mas’uli” deb ta’riflagan. Hisobotlarga ko‘ra, u qo‘lga olingach, guruhning media va targ‘ibot faoliyati to‘xtab qolgan. Pokiston davlat televideniyesi ushbu hibsni guruh rahbariyatiga berilgan qaqshatqich zarba deb atamoqda.

Azzam kim edi?

Azzam 1978-yilda Afg‘onistonning Nangarhor viloyatida tug‘ilgan. Ma’lumot oliy, Nangarhor universiteti bitiruvchisi. U ISHID-Xurosonning “Al-Azzaim” media tarmog‘ini boshqargan. Ushbu tarmoq guruhga yangi a’zolarni jalb qilish va ekstremistik g‘oyalarni yoyishda asosiy rol o‘ynagan.

Azzam terroristik guruhga qo‘shilishdan avval kamida uchta mahalliy radiostansiyada ishlagan, kitoblar va she’rlar yozgan. U 2016-yilda ISHID tarkibiga kirgan va 2021-yilning noyabr oyida AQSH tomonidan xalqaro terroristlar ro‘yxatiga kiritilgan. BMT hisobotida qayd etilishicha, u guruhning zo‘ravonlik mafkurasini tarqatish va terrorchilik harakatlarini oqlashda asosiy figura bo‘lgan. Hozircha ISHID-Xuroson guruhi o‘z vakilining qo‘lga olinganiga munosabat bildirmadi.

ISHID ekstremistik guruhi jahonning bir qator mamlakatlari va xalqaro tashkilotlar tomonidan “terrorchilik tashkiloti” deb topilgan.

Mirzayeva Dilafroʻz Safar qizi. 1999-yilda Toshkent viloyatida tavallud topgan. Millati — oʻzbek. 2024-yilda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining Sinxron tarjima yoʻnalishi magistr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar