Daryo

Pokiston Hindistonni suvni “qurol” qilib olganlikda aybladi

Dehli Chinob daryosidagi suv oqimini manipulyatsiya qilayotgani bildirildi.

2 daqiqa o‘qish8 370 ko‘rishlar0 izoh3

Pokiston bosh vaziri o‘rinbosari Is’hoq Dar 19-dekabr kuni qo‘sh mamlakat Hindistonni to‘g‘onlardagi suvni ogohlantirishsiz qo‘yib yuborish orqali suvni “qurolga aylantirish”da aybladi. Bu haqda ABC News xabar berdi.

Is’hoq Darning ta’kidlashicha, Dehlining ushbu harakatlari Jahon banki vositachiligida imzolangan suv taqsimoti to‘g‘risidagi shartnomani buzadi hamda mintaqadagi tinchlik va barqarorlikka raxna soladi. Ushbu bayonot Pokiston Tashqi ishlar vazirligi Chenob daryosidan suvning muntazam bo‘lmagan tarzda chiqarilishi bo‘yicha Hindistonga tushuntirish so‘rab xat yo‘llaganidan bir kun o‘tib yangramoqda.

Darning so‘zlariga ko‘ra, Hindiston Pokiston qishloq xo‘jaligi siklining eng muhim pallasida suv oqimini manipulyatsiya qilmoqda. Bu esa mamlakatning oziq-ovqat va iqtisodiy xavfsizligiga, shuningdek, millionlab odamlarning tirikchiligiga tahdid solmoqda.

“Bunday noqonuniy va mas’uliyatsiz xatti-harakatlar Pokistonda gumanitar inqirozni keltirib chiqarishi mumkin”, dedi bosh vazir o‘rinbosari.

Tarixiy ziddiyat va “urush harakati”

Hindiston va Pokiston 1947-yilda Britaniyadan mustaqillikka erishganidan beri o‘zaro uchta urush olib borgan bo‘lib, ularning ikkitasi aynan hududiy nizolar sabab yuzaga kelgan. Hozircha Dehli Islomobodning mazkur ayblovlariga munosabat bildirmadi.

Ma’lum qilinishicha, 2025-yilning sentyabr oyida ham shunga o‘xshash harakatlar Pokiston sharqidagi yuzlab qishloqlarni vayron qilgan suv toshqinlarini yanada og‘irlashtirgan edi. O‘shanda Hindiston tomoni musson yomg‘irlari sababli yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan toshqin haqida Pokistonni ogohlantirganini da’vo qilgan.

Ma’lumot o‘rnida, 1960-yilda imzolangan “Hind suv shartnomasi”ga ko‘ra, Hindiston Ravi, Satlej va Bias daryolarini nazorat qiladi. Pokiston esa Jhelum, Chinob va Hind daryolari (Kashmir orqali o‘tuvchi g‘arbiy daryolar) ustidan nazorat huquqiga ega.

Pokiston Milliy xavfsizlik qo‘mitasi 2025-yil boshida suv oqimini to‘xtatish yoki yo‘nalishini o‘zgartirishga bo‘lgan har qanday urinish “urush harakati” sifatida baholanishi haqida ogohlantirgan edi.

Diplomatiya va krizis

Ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar 2025-yilning aprel oyida, Hindiston nazoratidagi Kashmirda 26 nafar turist o‘ldirilganidan so‘ng yanada yomonlashgan. Hindiston shartnomani bir tomonlama to‘xtatib, diplomatik aloqalarni cheklagan. May oyida esa vaziyatga harbiy to‘qnashuvgacha bordi. Keskinlik AQSH prezidenti Donald Tramp vositachiligida e’lon qilingan o‘t ochishni to‘xtatish rejimidan so‘ng pasaygan bo‘lsa-da, munosabatlar haligacha normallashgani yo‘q.

Is’hoq Darning aytishicha, Hindiston shartnomada ko‘zda tutilgan gidrologik ma’lumotlarni almashish va qo‘shma nazorat mexanizmlarini to‘xtatib qo‘ygan. Bu esa Pokistonni ham toshqinlar, ham qurg‘oqchilik xavfi ostida qoldirmoqda. Pokiston ushbu masala yuzasidan BMT Bosh kotibi Antonio Guterrish va BMT Bosh Assambleyasi raisiga murojaat qilib, vaziyatga aralashishga chaqirdi.

“Suv — bu hayot, uni qurolga aylantirib bo‘lmaydi”, dedi Dar.

Mirzayeva Dilafroʻz Safar qizi. 1999-yilda Toshkent viloyatida tavallud topgan. Millati — oʻzbek. 2024-yilda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining Sinxron tarjima yoʻnalishi magistr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar