Daryo

“Hindiston bizning bir tomchi suvimizni ham tortib ololmaydi” — Pokiston Bosh vaziri

Shahboz Sharif Dehli suv oqimini to‘sishga uringan taqdirda, hindlarga “katta saboq” berilishini bildirdi

1 daqiqa o‘qish5 735 ko‘rishlar0 izoh0

Pokiston bosh vaziri Shahboz Sharif 12-avgust kuni Hindiston Islomobodga tegishli “bir tomchi suvni ham” tortib olishiga yo‘l qo‘ymasligini aytdi. Bu haqda The Economic Times xabar berdi.

Foto: India TV News

Tegishli bayonot ikki qo‘shni davlat o‘rtasidagi keskinlik fonida e’lon qilinmoqda. Sharifning so‘zlariga ko‘ra, agar Hindiston suv oqimini to‘sishga urinsa, “shunday saboq beriladiki, hindlar quloqlarini ushlab qoladi”.

“Men bugun dushmanga shuni aytmoqchiman: Agar siz bizning suvimizni to‘sib qo‘yish bilan tahdid qilsangiz, shuni yodda tutingki, Pokistonning bir tomchi suvini ham tortib ololmaysiz. Agar bunday ishga qo‘l ursangiz, sizlarga shunday saboq beramizki, qulog‘ingizni ushlab qolasiz”, deb ogohlantirdi Pokiston Bosh vaziri.

Ikki qo‘shni davlat o‘rtasidagi ziddiyat 22-apreldagi Pahalgam voqealaridan keyin kuchaygan edi. Ushbu hujumda 26 nafar tinch aholi halok bo‘lgani ortidan Hindiston Pokistonga qarshi bir qator choralar ko‘rgan. Jumladan, 1960-yilda imzolangan “Hind suv kelishuvi” to‘xtatib qo‘yilgan edi.

Pokiston bu kelishuvga aralashish yoki suvni to‘sishga urinishni “urush e’loni” sifatida baholagan. Sobiq tashqi ishlar vaziri Bilaval Butto Zardoriy ham kelishuvning to‘xtatilishini “Hind vodiysi sivilizatsiyasiga hujum” deb atab, Dehli urushga majbur qilsa, millat ortga chekinmasligini bildirgandi. Pokiston armiyasi bosh qo‘mondoni Asim Munir ham Hindiston suv oqimini to‘sish uchun to‘g‘on qurishga harakat qilsa, uni vayron qilishga tayyor ekanini aytgan.

“Hind daryosi hindlarning shaxsiy mulki emas. Uni to‘sish rejalarini barbod qilish uchun bizda yetarli imkoniyatlar bor”, dedi Munir.

Ma’lumot o‘rnida, Hindiston 7-may kuni Pokistonga qarshi “Sindur operatsiyasi”ni boshlagan edi. Bu amaliyot Pokiston va bahsli Kashmir hududidagi terror infratuzilmasiga qaratilgan bo‘lib, 22-apreldagi Pahalgam voqeasiga javob sifatida o‘tkazilgan. Shundan so‘ng ikki davlat 10-may kuni 4 kun davom etgan raketa zarbalaridan keyin urushni tugatish bo‘yicha kelishuvga erishgan.

Mirzayeva Dilafroʻz Safar qizi. 1999-yilda Toshkent viloyatida tavallud topgan. Millati — oʻzbek. 2024-yilda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining Sinxron tarjima yoʻnalishi magistr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar