AQSH kuchlari 10-dekabr kuni Venesuela qirg‘oqlarida neft tankerini qo‘lga oldi. Bu ma’lumotni AQSH prezidenti Donald Tramp ham tasdiqladi.
“Biz Venesuela qirg‘og‘ida tankerni qo‘lga oldik — katta tanker, juda katta, aslida, shu paytgacha qo‘lga olingan eng yirigi”, dedi u.
AQSH prezidenti tanker “juda asosli sabab bilan qo‘lga olinganini” ta’kidladi, biroq kemaning egasi haqida ma’lumot berishdan bosh tortdi. AQSH bosh prokurori Pem Bondi qo‘lga olish videosini ijtimoiy tarmoqqa joylashtirdi. 45 soniyalik videoda AQSH kuchlarining vertolyotdan tankerga tushayotgani aks etgan.
Mudofaa vazirligi boshchiligidagi operatsiyada Federal qidiruv byurosi, Ichki xavfsizlik bo‘yicha tergov xizmati va AQSH qirg‘oq qo‘riqlash xizmati ishtirok etdi. Bondining aytishicha, ular “Venesuela va Erondan sanksiyadagi neftni tashish uchun foydalanilgan tankerni musodara qilish bo‘yicha orderni ijro etgan”.
“Tanker xorijdagi terrorchi tashkilotlarni qo‘llab-quvvatlovchi noqonuniy neft tashish tarmog‘ida ishtirok etgani sababli AQSH tomonidan bir necha yildirki sanksiya ostida bo‘lgan”, dedi Bondi.
- Venesuela hukumati tanker qo‘lga olinishini “ochiqdan ochiq o‘g‘rilik va xalqaro qaroqchilik akti” deya baholadi.
“Venesuelaga qarshi uzoq davom etgan tajovuzning asl sabablari nihoyat fosh bo‘ldi… Gap har doim bizning tabiiy boyliklarimiz, neftimiz, energetika resurslarimiz haqida bo‘lgan — ular faqat Venesuela xalqiga tegishli”, deyiladi hukumat bayonotida.
Avvalroq Venesuela prezidenti Nikolas Maduro mitingda nutq so‘zlab, fuqarolarni “jangchilar” kabi harakat qilishga va “kerak bo‘lsa, Shimoliy Amerika imperiyasining tishlarini sindirishga” tayyor turishga chaqirgan edi.
Maduro 2013-yildan, saraton kasalligidan vafot etgan Ugo Chavesning o‘rnini egallaganidan beri hokimiyatda. Avgust oyidan beri AQSH Maduroning boshi uchun 50 million dollar mukofot e’lon qildi.
Shuningdek, Karib dengizida 1962-yilgi Kuba raketa inqirozidan beri eng yirik harbiy-dengiz kuchlari safarbarligini amalga oshirdi va giyohvand moddalar tashishda gumon qilingan qayiq va kemalarga bir qator havo zarbalari berdi, oqibatda 80 dan ortiq kishi halok bo‘ldi.
9-dekabr kuni AQSHning ikkita qiruvchi samolyoti Venesuela ko‘rfazi atrofida taxminan 40 daqiqa davomida aylandi. Ular Venesuelaning aholisi eng ko‘p bo‘lgan shaharlaridan biri — Marakayboning shimoliy qismidan uchib o‘tgan edi.








