Gretsiyaning Krit oroli yaqinida noqonuniy muhojirlar kemasi cho‘kib ketishi oqibatida kamida 14 nafar misrlik halok bo‘ldi. Bu haqda TRT World xabar berdi.
Misr Tashqi ishlar vazirligining 16-dekabr kungi bayonotiga ko‘ra, qayiq 2025-yil 7-dekabr kuni Misrga qo‘shni davlatlaridan biridan Gretsiyaga qarab yo‘l olgan edi. Qayiq bortida turli millatlarga mansub 34 nafar noqonuniy muhojir bo‘lgan, ularning orasida 14 nafar Misr fuqarosi halok bo‘lgan.
Vazirlik Gretsiya rasmiylari bilan tezkor aloqada bo‘lib, kemadan qutqarilganlarga har tomonlama yordam ko‘rsatish va misrlik qurbonlarning jasadlarini repatriatsiya qilishni tezlashtirish ustida ishlayotganini ma’lum qilgan.
Voqeani fojiaviy deb ta’riflagan vazirlik Misr fuqarolarini o‘z hayotlarini himoya qilish va bunday og‘riqli hodisalarning takrorlanishini oldini olish uchun noqonuniy migratsiya tarmoqlarining “panjasiga tushmaslikka” chaqirmoqda. Noqonuniy muhojirlar Yevropa Ittifoqiga kirish eshigi hisoblangan Krit oroliga yetib borish uchun Liviya va boshqa qo‘shni davlatlardan tranzit yo‘li sifatida foydalanib keladi.
Boshpana berish to‘xtatilgan
Iyul oyining boshida Gretsiya hukumati Liviyadan Kritga kelganlar uchun, boshpana berish arizalarini to‘xtatib turishga qaror qilgan edi. Misr esa o‘z navbatida, 2016-yildan beri Yevropaga yo‘nalgan noqonuniy muhojirlar kemalarining jo‘nab ketishining oldini olganini aytib keladi, ammo misrlik noqonuniy muhojirlar odatda tranzit yo‘li sifatida Liviyani tanlaydi.
Ma’lumot o‘rnida, Turkiyaning Bodrum sohili yaqinida 24-oktyabr kuni muhojirlar mingan rezina qayiq ag‘darilib, cho‘kib ketgani haqida xabar qilingan edi. O‘shanda afg‘onistonlik bir erkak hodisadan omon qolgan va mahalliy vaqt bilan soat 01:00 atrofida quruqlikka suzib chiqib, favqulodda xizmatlarga xabar bergan. Uning aytishicha, 18 kishi rezina qayiqda yo‘lga chiqqan, biroq oradan ko‘p o‘tmay qayiq suvga to‘la boshlagan va Egey dengizida cho‘kib ketgan.








