Avstraliyaning Bondi Bich sohilida 14-dekabr kuni yuz bergan otishma paytida o‘z hayotini xavf ostiga qo‘yib, terakt sodir etayotgan shaxslardan birini qurolsizlantirgan fuqaro uchun 1 million dollardan ortiq mablag‘ xayriya yig‘ildi. Bu haqda Unilad xabar berdi.
Voqea Sidney shahrining Bondi Bich sohilida yahudiylarning Xanuka bayrami nishonlanayotgan paytda sodir bo‘lgan. Otishma oqibatda 15 kishi fojiali tarzda halok bo‘lgan va o‘nlab odamlar jarohat olgan. Avstraliya bosh vaziri Entoni Albaneze hujumchilar yolg‘iz harakat qilganini va terror guruhiga a’zo emasligini aytib, ularning harakatlarini ekstremizmga yo‘ygan.
Ota va o‘g‘il hujumchilar
So‘nggi o‘ttiz yillikda Avstraliyadagi eng qonli hujumni amalga oshirishda gumon qilinganlar ota-o‘g‘il bo‘lib, ular 50 yoshli Sajid Akram va 24 yoshli Navid ekani tasdiqlangan. Sajid voqea joyida halok bo‘lgan bo‘lsa, Navid hozirda kasalxonada og‘ir ahvolda ekani xabar qilinmoqda. Avstraliya politsiyasining 16-dekabr kuni ma’lum qilishicha, hujumchi ota-bola ISHID jangarilaridan “ilhomlangan”.
Qahramon Ahmad al Ahmad
Suriyalik Ahmad al Ahmad otishma paytida o‘z jonini xavf ostiga qo‘yib, hujumchilardan birini qurolsizlantirishga muvaffaq bo‘lgan. Hozirda u shifoxonada davolanmoqda. Suriyadan 2006-yilda Avstraliyaga ko‘chib kelgan Ahmad, dastlab gumondor otishma sodir etayotgan paytda, uning orqasidagi turgan mashinalar ortida yashiringan holda ko‘rinadi.
U mashinalar orqasidan sakrab chiqib, gumondorning orqasiga yopishadi va uning qo‘lidagi qurolini olish uchun kurashadi. Ahmad qurolni tortib olishga muvaffaq bo‘lib, uni darhol hujumchiga qaratadi. Ikki farzandning otasi bo‘lgan Ahmadning bu mislsiz jasorati butun dunyoda keng muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.
Bir milliard dollarlik yordam
43 yoshli, Sidneyda meva do‘koni egasi bo‘lgan Ahmad uchun tashkil etilgan xayriya kompaniyasi bir million dollardan oshiq mablag‘ to‘pladi va har daqiqada bu miqdor yanada ortib bormoqda. Xususan, Pershing Square Capital Management xedj fondi bosh direktori va asoschisi, milliarder Bill Ekman GoFundMe xayriya platformasiga 99 000 dollar xayriya qilgani aytilmoqda.
“Bondi fojiasi paytida, son-sanoqsiz qurbonlarning oldini olgan qahramonning harakatlariga guvoh bo‘lgach, biz harakatga kirishdik. Xaos va xavf paytida u ikkilanmadi. Ahmad o‘zini o‘ylamasdan qahramonlik qilayotgan paytda ikki marta o‘q yedi”, deyiladi GoFundMe sahifasida.
Ahmadning oilasi uning hujumda jarohat olganini, aniqrog‘i, qo‘li va bilagidan o‘q yeganini tasdiqladi. Biroq ta’kidlanishicha, uning ahvoli hozirda yaxshilanib bormoqda. Avstraliya bosh vaziri Entoni Albaneze shaxsan Ahmadni ko‘rish uchun u yotgan shifoxonaga tashrif buyurib, holidan xabar oldi.
“U qahramonlik qilayotgan paytda odamlarning kelib chiqishi haqida o‘ylamagan. U millatchilik qilmaydi. Ayniqsa, Avstraliyada bir fuqaro bilan boshqasi o‘rtasida farq yo‘q”, deya intervyu berdi uning otasi.








