Daryo

Toshkentda issiq suv va issiqlik taʼminoti: nega ham narx, ham subsidiya oshirilmoqda?

12-noyabrdan poytaxtda issiq suv va issiqlik taʼminoti tariflari 15 foizga qimmatlashadi. Kelgusi yillarda narxlar doimiy va keskin oʻsishi kutilmoqda. Chunki bora-bora davlat mazkur tarmoqni subsidiyalashdan voz kechmoqchi. Oxirgi yillarda narxlar qanday oʻzgardi? Kelgusi yillarda tariflar qay darajada oʻsishi mumkin?

5 daqiqa o‘qish3 417 ko‘rishlar0 izoh6

2025-yil 12-noyabrdan Toshkent shahrida issiq suv va issiqlik taʼminoti tariflari 15 foizga oshiriladi. Kelgusi yillarda narxlar doimiy va keskin oʻsishi kutilmoqda. Chunki bora-bora davlat mazkur tarmoqni subsidiyalashdan voz kechmoqchi. Oxirgi yillarda narxlar qanday oʻzgardi? Kelgusi yillarda tariflar qay darajada oʻsishi mumkin?

Yiliga 30 foizga qimmatlayotgan tariflar

2022-yil iyuldan Fransiyaning Veolia kompaniyasi Veolia Energy Tashkent MCHJ XK shoʻba korxonasi orqali poytaxtda issiqlik taʼminoti tizimini boshqaryapti. Bungacha mazkur vazifa “Toshissiqquvvati” DUK zimmasida boʻlgan. Yangi taʼminotchi kelgach, issiqlik energiyasi tariflarida sezilarli oʻsish kuzatila boshladi. Bu masala avvalo, davlat byudjetiga yuklama keskin ortib borayotgani, qolaversa yaqin kelajakda aholini yuqori toʻlovlar kutayotgani bilan ahamiyatli.

2022-yilning oktyabr oyida Toshkent shahrida issiqlik energiyasining bazaviy tarifi bir gigakaloriya (Gkal) uchun 397 212 soʻm etib belgilangan. Aholi mazkur summaning 23 foizini toʻlagan boʻlsa, qolgan qismi poytaxt byudjetidan qoplangan. Aholi 2019-yil 15-avgustdan 2024-yil bahorigacha har bir Gkal issiqlik taʼminoti uchun 91 960 soʻmdan toʻlov qilgan. Qolgan 305 252 soʻmi Toshkent shahar byudjeti, anglab turganingizdek byudjet bu — aholi soliqlari hisobidan subsidiya sifatida toʻlangan.

2023-yil dekabrdan bazaviy tarif birdaniga 67,3 foizga oshirilib, bir Gkal uchun toʻlov qiymati 664 465 soʻmga yetkazildi. Bu asosiy yuklama, yaʼni xarajatlar davlat byudjeti gardaniga tusha boshladi degani. Negaki, yuqorida eslanganidek, u paytda isteʼmolchilarga toʻlov oʻzgarmagan.

2024-yil aprelda aholi uchun issiqlik energiyasi tariflari 15 foiz oshirilib, bir Gkal taʼminot tarifi 105 754 soʻm etib belgilandi. Noyabr oyidan narx yana 15 foizga qimmatlashib, 121 617 soʻmga yetkazildi. Bu byudjetga yuklama kamayib, aholi bazaviy tarifning koʻproq qismini toʻlashi kerakligini anglatardi. Biroq byudjetga bosim hamon barqaror.

Infografika: “Daryo” / Dilbek Toʻrayev

Iyul oyida 2025-yilda Toshkent shahrida issiqlik energiyasi tariflari bir martadan ortiq oshirilmasligi aytildi. Yil hisobidan birinchi narx oʻsishi 27-oktyabrdagi hokim qaroriga asosan roʻy berdi. Yaʼni 12-noyabrdan issiq suv va issiqlik taʼminotining bazaviy tarifi 7 foizga koʻtarilib, 664 465 soʻmdan 711 641 soʻm/Gkalga yetkazildi. Aholiga issiqlik yetkazish xizmatlarining yangi chakana narxi 15 foizga — 121 617 soʻmdan 139 860 soʻmgacha oshirildi. Mazkur raqamlardan koʻrinadiki, ham byudjet, ham isteʼmolchilar uchun toʻlovlar qimmatlashdi.

Davlat tobora koʻproq subsidiya beryapti

2024-yilda Toshkent shahar byudjeti xarajatlari 13 trln soʻmni tashkil etdi. Shundan 1,97 trln soʻmi issiqlik taʼminoti korxonalari tariflar pasaytirilishidan koʻrgan zararni qoplashiga sarflangan. Taqqoslash uchun, 2021-yilda poytaxt byudjetidan mazkur yoʻnalishga 321 mlrd soʻm subsidiya berilishi tasdiqlangan. 2022-yilda avval 732,2 mlrd soʻm, keyin respublika byudjetidan qoʻshimcha 404,7 mlrd soʻm ajratilgan (jami 1,1 trln soʻm). 2023-yilda qoplangan zararlar qiymati 1,7 trln soʻmni tashkil etgan.

2025-yilning I yarmida issiqlik korxonalariga 1,3 trln soʻm subsidiya toʻlangan. Yaʼni subsidiya uchun yarim yillik xarajat butun bir 2022-yildagi chiqimdan koʻproq boʻlgan. Hukumat qaroriga koʻra, 2025-yilda issiqlik taʼminoti uchun 2,7 trln soʻm subsidiya ajratilishi koʻzda tutilgan. Bu miqdor 2024-yildagidan qariyb 37 foizga koʻp.

Infografika: “Daryo” / Dilbek Toʻrayev

Respublika byudjetiga ham yuklama ortgan

Oxirgi yillarda respublika byudjetidan issiq suv va issiqlik taʼminotini aholiga pasaytirilgan narxda yetkazish uchun ajratilayotgan subsidiyalar miqdori ham koʻpaygan. Masalan, 2022-yilda issiqlik korxonalariga 900 mlrd soʻm, 2023-yilda 1,7 trln soʻm subsidiya ajratilgan. 2024-yilda esa xarajatlar keskin ortib, byudjetdan qariyb 3,9 trln soʻm toʻlangan. Bu 2023-yildagiga nisbatan ikki karradan koʻproq toʻlov qilindi degani.

Prognozlarga qaraganda, 2025-yilda bu yoʻnalishdagi subsidiyalarga yanada koʻproq — 4,8 trln soʻm ajratilishi kutilmoqda. Issiqlik taʼminoti uchun davlat tomonidan 2026-yilda 4,2 trln soʻm, 2027-yilda 4,7 trln soʻm subsidiya berilishi koʻzda tutilyapti. Mazkur raqamlar yirik qiymatdagi subsidiyalash 2027-yildan keyin ham davom etishiga ishora beradi. Chunki bu qadar katta mablagʻni birdaniga nolga tushirish va barcha toʻlovlarni aholi gardaniga ilish murakkab jarayon. Masʼullar aytganidek, “buni bir vaqtning oʻzida amalga oshirish qiyin”.

Infografika: “Daryo” / Dilbek Toʻrayev

Yuqoridagi infografikadan anglash mumkinki, masʼullar vaʼda qilganidek, bosqichma-bosqich subsidiyadan voz kechilayotgani yo‘q. Aksincha, subsidiya hissasi ortsa ortyaptiki, qisqarmayapti. Bu isteʼmolchi ham choʻntagidan, ham soligʻidan issiqlik ta‘minoti uchun to‘layotganini anglatadi. Bundan tashqari, 2030-yilga kelib subsidiyadan birdaniga voz kechilsa, aholiga juda katta og‘irligi tushishi mumkin.

Subsidiyalash toʻxtasa, nima boʻladi?

Hukumat 2030-yilgacha issiq suv va issiqlik toʻlovlarini subsidiyalashdan voz kechmoqchi. Yaʼni kelgusi besh yil ichida issiqlik taʼminoti uchun barcha toʻlovlarni aholining oʻzi toʻlaydigan tizimiga oʻtish rejalashtirilgan. Masalan, bazaviy tarif bir Gkal uchun 711 641 soʻm boʻlsa, shuni isteʼmolchi toʻliqligicha toʻlashi lozim boʻladi. Buning uchun tariflar hozirgidan (12-noyabrdan amal qiladigan narx 139 860 soʻm) kamida besh baravar oshirilishi kerak. Bu hali tannarx oʻzgarmagan taqdirdagi koʻrsatkich hisoblanadi. Agar tannarx oʻsishda davom etsa, narxlar unga yetishi uchun necha karra oshishini prognoz qilish ham imkonsizga aylanadi.

Masʼullar tarif birdaniga karra-karra koʻtarilsa, aholiga yuklama keskin ortishi mumkinligini bildirgan. Bu isteʼmolchini murakkab vaziyatga solib qoʻyishidan xavotir borligi aytilgan. Shu bois, narxlarni har yili kamida 30 foizga oshirish reja qilingan. Masalaning boshqa tomoni ham borki, poytaxt aholisining tariflarni qoplash darajasi sezilarli oʻsgani hisobiga subsidiya kamayishi kerak. Biroq oxirgi yillarda ham byudjetga, ham isteʼmolchiga moliyaviy yuklama ortsa ortyaptiki, kamaygani yo‘q.

Iqtisodchi Otabek Bakirov fikricha, aholi toʻlovlari bilan birga subsidiya ham koʻproq ajratilaverishi mantiqsizlik.

“Tariflar ham, subsidiyalash ham oshmoqda. Bu qanaqa buzuq tizim? Isteʼmolchi ham choʻntagidan, ham soligʻidan (subsidiya bu bizning soliqlarimiz) toʻlashi qachongacha davom etadi? Yanada chuqurroq qaralsa, bu ham hali hammasi emas. Hali boshqa dasturlar va zaxiralar hisobidan ochiq koʻrinmayotgan kross-moliyalashtirish yana qancha? Nahotki, Iqtisodiyot va moliya vazirligidan asoslangan va chuqur hisob-kitob soʻrashga oʻzbek parlamentida birorta deputat yo senator yoʻq? Veolia Energy Tashkent oʻzi nima uchun chaqirilgandi? Tannarxlarni shishirib berishgami? Buni oʻzimizning mahalliy oʻgʻrilar ham qoyillatib eplayotgandiku. Veolia Energy Tashkent kelib, oʻzi nimani qoyillatdi? Hisob-kitoblar shaffofligidagi eng elementar va zaruriy qadam — issiq suv va isitish hisobini ajratmadiku, hech qursa”, deya munosabat bildirgan Otabek Bakirov.

Oʻz navbatida bugungi, uch yil ichida deyarli 80 foizga oshirilgan issiqlik energiyasi bazaviy tariflari qay darajada asosli ekani, tannarx nimalar hisobiga oʻsib borayotgani toʻgʻrisida aholiga batafsil tushuntirishlar kerak. Isteʼmolchilar toʻlayotgan soliqlar hisobidan berilayotgan subsidiyalar oʻzini qay darajada oqlayotgani ham muhim savollardan boʻlib qolmoqda.

Farg‘onadanman. Oʻzbekiston Milliy universitetini tamomlaganman. “Daryo”da 2022-yildan beri muxbirman. Iqtisodiy-siyosiy voqealarni yoritib boraman. Yoqtirgan kinolarimdan biri — “Shoushenkdan qochish”. Oxirgi o‘qilgan kitoblardan iqtisodchi olimlar Daron Ajemo‘g‘li va Jeyms Robinson hammuallifligidagi “Mamlakatlar tanazzuli sabablari…” kitobi yoqdi.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar