AQSH prezidenti Donald Tramp ikki mamlakat o‘rtasidagi mojaroning kuchayishi fonida Tailand va Kambodja rahbarlari bilan telefon orqali muzokaralar o‘tkazdi. Oq uy rahbarining ma’lum qilishicha, Bangkok va Pnompen harbiy harakatlarni to‘xtatishga tayyorligini bildirgan.
O‘tgan dam olish kunlari ikki davlatning chegaradosh hududlarida vaziyat keskinlashdi. Ular bir-birlarini yarashuvni buzganlikda ayblagan holda o‘zaro nishonlarga zarba bermoqda.“Bugun ertalab men Tailand bosh vaziri Anutxin Chanvirakun va Kambodja bosh vaziri Xun Manet bilan ularning uzoq davom etgan mojarosi qayta qo‘zg‘algani borasida juda samarali suhbat o‘tkazdim. Ular bugundan boshlab o‘t ochishni to‘xtatishga va Malayziyaning ajoyib bosh vaziri Anvar Ibrohim yordamida men ular bilan tuzgan dastlabki tinchlik bitimiga qaytishga rozi bo‘lishdi”, deya yozdi u Truth Social ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, chegaradagi to‘qnashuvlar oqibatida Tailand uch nafar tinch aholi vakili va to‘qqiz nafar harbiy xizmatchisini yo‘qotgan, 120 dan ortiq kishi jarohat olgan. O‘z navbatida, Kambodja hukumati 11 nafar fuqaro, jumladan, bir chaqaloqning halok bo‘lgani hamda 74 kishining jarohatlanganini ma’lum qildi. Janglar tufayli Tailandning chegaradosh viloyatlaridan 400 mingga yaqin aholi ko‘chirilgan, Kambodjada esa 300 mingdan ortiq kishi o‘z uylarini tark etishga majbur bo‘lgan.
Tailand va Kambodja o‘rtasidagi mojaro
May oyida ikki davlat o‘rtasida chegara mojarosi boshlanib, og‘ir qurollar, artilleriya va aviatsiya qo‘llangan holda shiddatli janglar bosqichiga o‘tdi. Ikki tomondan ham, jumladan, tinch aholi orasida halok bo‘lganlar va jarohatlanganlar bor.
Hududiy muammolar mamlakatlarga mustamlakachi Fransuz Hindixitoyidan meros bo‘lib o‘tdi. Siam Qirolligi (hozirgi Tailand Qirolligi) 1907-yilda chegaralarni belgilashni yakunlagan. Biroq chegaraning bir qismi borish qiyinligi sababli Parijdan kelgan maxsus komissiya e’tiboridan chetda qolgan. 1953-yilda Kambodja mustaqillikka erishgandan so‘ng bu hududlar bahsli mavzuga aylandi.
Iyul oyi oxirida AQSH, Xitoy va Malayziya vositachiligida tomonlar o‘t ochishni to‘xtatishga erishdi. 26-oktyabr kuni Kuala Lumpurda bo‘lib o‘tgan ASEAN sammiti doirasida Tailand bosh vaziri Anutxin Chanvirakun va Kambodja hukumati rahbari Xun Manet mojaroni hal qilish to‘g‘risidagi deklaratsiyani imzoladi.








